O‘zbekistonda 25 mart – “Yer soati” kuni munosabati bilan maxsus aksiya o‘tkaziladi. Bu haqda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, shu kuni sayyoraga g‘amxo‘rlik qilish, tabiiy resurslarni asrash maqsadida barcha davlat tashkilotlarida elektr jihozlari bir soatga o‘chiriladi.
“Hurmatli vatandoshlar. Sizni ushbu aksiyada ishtirok etishga va atigi 60 daqiqaga elektrni o‘chirishga taklif qilamiz. Bu bilan siz Yerning tabiiy boyliklarini asrab-avaylashga o‘z hissangizni qo‘shasiz va boshqalarni ham sayyoramizga g‘amxo‘rlik qilishga ruhlantirasiz”, deyiladi vazirlik bayonotida.
Ma’lumot uchun, “Yer soati” har yili xalqaro miqyosida o‘tkaziladigan yirik ekologik aksiya hisoblanadi. Tashkilotchilar ekologik muammolardan tashvishlanish ramzi sifatida sayyora aholisini 60 daqiqaga chiroq va maishiy elektr uskunalarini o‘chirib qo‘yishga chaqiradi.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!