Yangiliklar

Chust, Pop, Namangan va Mingbuloqda ichimlik va oqova suvini yaxshilashga 70 million dollar jalb qilinadi

Chust, Pop, Namangan va Mingbuloqda ichimlik va oqova suvini yaxshilashga 70 million dollar jalb qilinadi
Foto: Prezident matbuot xizmati

Namangan qulay iqlim sharoitiga ega, bu yerda azaldan meva-sabzavotchilik rivojlangan. Lekin, meva-sabzavot eksporti mavjud imkoniyatga mos emas. Agar ish toʻgʻri tashkil qilinsa, eksportni 3-5 barobar oshirish mumkinligi taʼkidlandi.

Shu munosabat bilan meva-sabzavot eksportini koʻpaytirib, eksport geografiyasini kengaytirish boʻyicha vazifalar belgilab olindi. Dehqonlarga berilgan 18 ming gektarga karantin inspektorlari bogʻlanib, eksportbop mahsulotlar yetishtirish tashkil etiladi, 54 ming gektarning agrokimyoviy xaritasi ishlab chiqilib, 18 ming gektari “GSP+” talablariga moslashtiriladi.

Viloyatda meva-sabzavotning atigi 8 foizi, goʻshtning 28 foizi va sutning 9,5 foizi qayta ishlanadi. Kosonsoy va Chortoq meva-sabzavotchilikka ixtisoslashgan boʻlsa-da, birorta qayta ishlash korxonasi mavjud emas. Mingbuloq, Norin, Chortoq va Popda meva-sabzavot va sut, Namangan va Chortoqda goʻshtni qayta ishlash quvvati yetishmaydi.

Yil yakunigacha meva-sabzavotni qayta ishlash yoʻnalishida 62 ta loyihani ishga tushirish, Kosonsoy va Popda yirik chorvachilik klasterlari faoliyatini yoʻlga qoʻyish, Popda asal ishlab chiqarish boʻyicha yirik korxonani tashkil etish muhimligi taʼkidlandi. Shahar va mahalla infratuzilmasini yaxshilash masalalari muhokama qilinar ekan, aholi zichligi katta boʻlgan Namangan viloyatida uy-joy qurish ishlarini kengaytirish zarurligi qayd etildi.

Ikki yil oldin 1 ming 203 gektarda 200 ming aholi uchun “Yangi Namangan” shahri qurilishi boshlangan. Joriy bosqichda 20 ming xonadonli turar-joy, IT-park, mehmonxona, biznes markazi, shuningdek 68 gektarda “Yangi Oʻzbekiston bogʻi” qurilishi boshlanadi. Shuningdek, Chust va Pop tumanida 10 ming aholi uchun “Yangi Oʻzbekiston” massivlari qurilishiga start beriladi.

Aholini ichimlik suvi bilan taʼminlashni yaxshilash maqsadida Zarkent, Xojikent, Iskovot, Buloqboshi, Yoshlik shaharchalari va Namangan shahrida suv taʼminotini yaxshilash loyihasini jadallashtirishga koʻrsatma berildi. Shuningdek, Chust, Pop, Namangan va Mingbuloqda ichimlik va oqova suvini yaxshilashga 70 million dollar jalb qilinadi.

Yoʻllarni qurish, taʼmirlash va saqlashga xususiy sektorni yanada keng jalb qilish, bu borada aniq loyihalarni amalga oshirish muhimligi qayd etildi.