Yangiliklar

Namanganni Buxoro va Samarqand bilan bogʻlovchi temir yoʻl reyslari yoʻlga qoʻyiladi

Namanganni Buxoro va Samarqand bilan bogʻlovchi temir yoʻl reyslari yoʻlga qoʻyiladi
Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident raisligida Namangan viloyatida oʻtkazilayotgan yigʻilishda Angren shahridan Toʻraqoʻrgʻon tumanigacha 100 kilometrlik yoʻlda avtomobillar oqimi kuniga 10 mingdan oshishi taʼkidlandi. Bu yoʻlni ikki tomoni yil davomida jozibali.

Lekin bu yerda odamlarni 2-3 soat ushlab qoladigan loyihalar kamligi qayd etildi. Yoʻl boʻyi servisi Pop, Chust, Toʻraqoʻrgʻon tumanlari uchun drayver boʻlishi, tadbirkorlar 2,5 trillion soʻm investitsiya kiritib, 10 ming aholini doimiy band qilishga tayyorligi koʻrsatib oʻtildi.

Shu munosabat bilan mutasaddilarga viloyat hokimligi huzurida alohida direksiya tashkil qilib, master-reja ishlab chiqish va yoʻl boʻyidagi yerlarni auksionga chiqarish topshirildi.

Namangan viloyati maydonining 20 foizi togʻlardan iborat. Bu – togʻ turizmini rivojlantirish uchun katta imkoniyat.

Ayniqsa, bunday loyihalarni Pop, Chust, Yangiqoʻrgʻon, Kosonsoy va Chortoqda amalga oshirish mumkin.

Germaniyalik hamkorlar bilan Shahrisabz tajribasi asosida bu tumanlarda togʻ turizmini rivojlantirish master-rejasini ishlab chiqish va yil yakunigacha loyihalarni boshlash muhimligi taʼkidlandi.

Mahalliy va xorijiy sayyohlar oqimini keskin oʻsishi uchun transport sohasida imkoniyatlar toʻliq ishga solinmagani koʻrsatib oʻtildi.

Transport vazirligiga bayram kunlari avia va temir yoʻl reyslari sonini 2 barobar oshirish, Namangan yoki Fargʻonaga uchish grafigini qayta koʻrib chiqib, vodiyga har kuni boʻladigan avia reyslarni koʻpaytirish topshirildi.

Ichki turizmni rivojlantirish maqsadida Namanganni Buxoro va Samarqand bilan bogʻlovchi temir yoʻl reyslari, “Namangan-Pop-Chodak” yoʻnalishida har kuni ekspress yoʻlovchi poyezd qatnovi yoʻlga qoʻyiladi.

Yigʻilishda sanoat va investitsiya masalalari koʻrib chiqildi.

Namangan sanoat zonalari boʻyicha namuna boʻlgani – soʻnggi yillarda viloyatda 72 ta kichik va yoshlar sanoat zonalari ishga tushgani qayd etildi. Shu bilan birga, Namangan shahri, Namangan, Yangi Namangan va Davlatobod tumanlaridagi 16 ta sanoat zonasida qoʻshimcha loyiha joylashtirish imkoniyati bor.

Tadbirkorlar ham xorijiy va mahalliy sarmoya kiritish tashabbusi bilan chiqqan. Bunga qoʻshimcha ravishda mahalliy 7 ta yirik loyihaga Sanoat jamgʻarmasidan 37 million dollar ajratish topshirildi.