Davlatimiz rahbari Namangan mamlakatimizning eng barakali, sersuv va serhosil hududlaridan biri, mehnatkash va saxovatpesha, g‘ururi baland, tadbirkorlikda eng ilg‘or insonlar yurti ekanini taʼkidladi.
Ularning mehnati va fidoyiligi bilan Namanganda hayot o‘zgarmoqda. O‘tgan 7 yilda viloyat iqtisodiyoti 2 barobar, eksport 3 karra o‘sib, jon boshiga daromad 15,5 million so‘mga yetdi. 65 trillion so‘m investitsiya hisobiga 600 ming ish o‘rni yaratildi.
Angren shahridan To‘raqo‘rg‘on tumanigacha 100 kilometrlik yo‘lda avtomobillar oqimi kuniga 10 mingdan oshadi. Bu yo‘lni ikki tomoni yil davomida jozibali.
Lekin bu yerda odamlarni 2-3 soat ushlab qoladigan loyihalar kamligi qayd etildi. Yo‘l bo‘yi servisi Pop, Chust, To‘raqo‘rg‘on tumanlari uchun drayver bo‘lishi, tadbirkorlar 2,5 trillion so‘m investitsiya kiritib, 10 ming aholini doimiy band qilishga tayyorligi ko‘rsatib o‘tildi.
Shu munosabat bilan mutasaddilarga viloyat hokimligi huzurida alohida direksiya tashkil qilib, master-reja ishlab chiqish va yo‘l bo‘yidagi yerlarni auksionga chiqarish topshirildi.
Aholini ichimlik suvi bilan taʼminlashni yaxshilash maqsadida Zarkent, Xojikent, Iskovot, Buloqboshi, Yoshlik shaharchalari va Namangan shahrida suv taʼminotini yaxshilash loyihasini jadallashtirishga ko‘rsatma berildi.
Shuningdek, Chust, Pop, Namangan va Mingbuloqda ichimlik va oqova suvini yaxshilashga 70 million dollar jalb qilinadi.
Yo‘llarni qurish, taʼmirlash va saqlashga xususiy sektorni yana-da keng jalb qilish, bu borada aniq loyihalarni amalga oshirish muhimligi qayd etildi.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!