Yangiliklar

Italiyada “Oʻzbekiston: Sahrodagi avangard” koʻrgazma loyihasining ochilishi boʻlib oʻtadi

Italiyada “Oʻzbekiston: Sahrodagi avangard” koʻrgazma loyihasining ochilishi boʻlib oʻtadi
Foto: Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg’armasi

16–17-aprel kunlari Italiyada “Oʻzbekiston: Sahrodagi avangard” koʻrgazma loyihasining ochilishi boʻlib oʻtadi.

“Oʻzbekiston: Sahrodagi avangard” koʻrgazmasi Italiya va jahon jamoatchiligiga XX asr birinchi yarmi sanʼati tarixining muhim, ammo u qadar maʼlum boʻlmagan bobini taqdim etadi. U ikkita boʻlimdan iborat boʻlib, ikkita maskan: Venetsiyadagi Ka Foskari universiteti koʻrgazma maydonida “Shakl va ramz” va Florensiyaning Pitti saroyida “Nur va rang” nomi bilan oʻtkaziladi. Loyiha Oʻzbekiston Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamgʻarmasi koʻmagida yaratilgan boʻlib, unga Ka Foskari universiteti huzuridagi Rus sanʼati tadqiqotlari markazi (CSAR)dan Silvia Burini va Juzeppe Barbiyeri kuratorlik qiladilar.

Koʻrgazmalarda XX asrning birinchi yarmida yaratilgan 172 tadan ortiq rangtasvir asarlari va suratlar, shuningdek, Igor Savitskiy nomidagi Qoraqalpogʻiston davlat sanʼat muzeyi va Oʻzbekiston davlat sanʼat muzeyida saqlanayotgan milliy bezak va amaliy sanʼat buyumlari namoyish etiladi.

“Oʻzbekiston: Sahrodagi avangard” koʻrgazmasining “Nur va rang” boʻlimi 2024-yil 16-apreldan 30-iyungacha Florensiyadagi Pitti saroyida ochiladi. “Shakl va ramz” loyihasi 17-apreldan 29-sentyabrgacha Venetsiyadagi Ka Foskari universitetining koʻrgazma maydonida muxlislar uchun muntazir boʻladi.