Shavkat Mirziyoyev Parlamentlararo ittifoqning 150-yubiley assambleyasini Oʻzbekistonda oʻtkazish tashabbusini bildirgan edi.
Shveysariyaning Jeneva shahrida Parlamentlararo ittifoq (PI) bosh kotibi Martin Chungong va Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva oʻrtasida PIning 150-yubiley assambleyasini 2025-yil Oʻzbekistonda oʻtkazish toʻgʻrisidagi bitim imzolandi.
Shuni alohida taʼkidlash joizki, jahondagi 180 ta parlamentni birlashtirgan ushbu nufuzli tuzilma oʻzining yuqori organi Assambleyani parlamentarizm va barqaror rivojlanishning ijobiy tajribasi mavjud boʻlgan mamlakatlarda oʻtkazadi.
Assambleyaning ilk bor Markaziy Osiyo mintaqasida, Oʻzbekistonda oʻtkazilishi esa Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan demokratik islohotlar, parlamentarizmni rivojlantirish yoʻlidagi saʼy-harakatlarning jahon hamjamiyati tomonidan eʼtirof etilayotganini tasdiqlaydi.
Mintaqamizda parlament yoʻnalishidagi bunday keng koʻlamli tadbirning ilk bor oʻtishi Oʻzbekiston parlamentining BRMni amalga oshirishdagi faol ishtiroki, normativ-huquqiy bazani xalqaro standartlariga mos ravishda takomillashtirilishi, parlament darajasida inson huquqlarini himoya qilish va gender tengligi masalalarini ilgari surish, Yoshlar parlamenti doirasida yoshlarni qonun ijodkorligi faoliyatiga keng jalb etilishi bilan izohlanadi.
Parlamentlararo ittifoq Assambleyasining mamlakatimizda oʻtkazilishi parlamentlar oʻrtasida xalqaro kun tartibidagi dolzarb masalalar boʻyicha oʻzaro tajriba almashish, Oʻzbekiston parlamenti faoliyati bilan tanishish, 2030-yilgacha boʻlgan strategiyani amalga oshirishda parlamentlarning ishtirokini kengaytirish, BRM erishish, inson huquqlari, gender tengligi, yoshlar imkoniyatlarini kengaytirish, iqlim oʻzgarishiga qarshi kurashda parlamentlar hamkorligini koʻrib chiqish imkonini beradi.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!