Rossiyaning Novgorod viloyati gubernatori Andrey Nikitin migrantlarning ishlashini cheklash bo’yicha hujjatni imzoladi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
Hujjatga ko‘ra, xorijiy fuqarolarga alkogolli ichimliklar va tamaki mahsulotlarining chakana savdosi bilan shug‘ullanish, avtobus va taksi haydovchisi sifatida ishlash taqiqlanadi. Ish beruvchilar ushbu toifadagi xodimlarni 26-iyungacha ishdan bo‘shatishlari kerak.
Taqiq Rossiyada yashash uchun yoki mintaqada vaqtinchalik ro‘yxatdan o‘tgan ishchilarga, shuningdek, Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga a’zo mamlakatlar fuqarolariga ta’sir qilmaydi, – deyiladi xabarda.
Hujjat viloyatda mehnat bozorini tartibga solish, migratsiya holatini barqarorlashtirish, ekstremistik va terroristik jinoyatlarning oldini olish maqsadida Ichki ishlar vazirligining tavsiyalarini inobatga olgan holda qabul qilingan.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!