Alisher Jo‘raqulovich Xodjayev Madaniyat vazirligi huzuridagi O‘zbekiston Kinematografiya agentligi bosh direktori o‘rinbosari etib tayinlandi. 28-mart kuni madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov uni jamoaga tanishtirdi.
Shu kunning o‘zida agentlikda sohaning bugungi holati tahlili, oldinda turgan muhim vazifalarga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Eslatib o‘tamiz, Alisher Xodjayev 1963-yili Toshkent viloyatida tavallud topgan, 1985-yili Samarqand davlat universitetini tamomlagan.
U 1985–1993-yillarda O‘zbekiston Fanlar akademiyasi tizimidagi ilmiy-tekshirish institutlari, ishlab chiqarish birlashmalarida faoliyat olib borgan, 1993–1996-yillarda NKK firmasida tizim muhandisi bo‘lib ishlagan.
1996-yildan 1998-yilga qadar «KomUzAziya» kompaniyasida, 1998–2001-yillarda esa UzPAK kompaniyasida bosh direktor lavozimida mehnat qilgan.
2001–2002-yillarda O‘zbekiston prezidenti huzuridagi Milliy xavfsizlik kengashi kotibi o‘rinbosari, 2002–2005-yillarda O‘zbekiston Aloqa va axborotlashtirish agentligi rahbari o‘rinbosari, 2005–2017-yillarda MTRK raisi sifatida faoliyat ko‘rsatgan.
2017-yil boshida tanqidga uchrab ishdan ketgan, lekin bir muddatlik tanaffusdan keyin, avgust oyida yana MTRK raisi lavozimga qaytgandi.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!