Yangiliklar

Andijonda energiya resurslaridan noqonuniy foydalanish holatlari fosh etildi

Andijonda energiya resurslaridan noqonuniy foydalanish holatlari fosh etildi

Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Boʻston tumani boʻlimi tomonidan “Oʻzenergoinspeksiya”  hududiy boshqarmasi xodimlari bilan hamkorligida oʻtkazilgan reyd tadbirida “A.F” MCHJ masʼul shaxslari va boshqalar MCHJ ishlab chiqarish sexidagi elektr hisoblash uskunasi nazorat muhrni buzib, elektr energiyadan noqonuniy foydalanib, davlat va jamiyat manfaatlariga 1,3 mlrd soʻm zarar yetkazganliklari aniqlangan.

Departamentning Andijon shahar boʻlimi va “Hududgaz  Andijon” GTF xodimlari hamkorligida oʻtkazilgan reyd tadbirida “A.S.” NTM masʼul shaxslari va boshqalar “Doʻstlik” MFY hududidagi taʼlim muassasasini umumiy foydalanishdagi gaz tarmogʻiga tijorat maqsadida oʻzboshimchalik bilan toʻgʻridan-toʻgʻri ulab, jami 628,1 mln soʻmlik tabiiy gazdan noqonuniy foydalanganliklari aniqlangan.

Shu kabi, Departamentning Xonobod shahar boʻlimi, IIB va viloyat ETK  xodimlari hamkorligida oʻtkazilgan tergovga qadar tekshiruvda “X.A.” MCHJ masʼul shaxslari va boshqalar, MCHJning savdo markazida umumiy foydalanishdagi elektr tarmogʻiga oʻzboshimchalik bilan ulanib, jami 406,5 mln soʻmlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalanganliklari aniqlangan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.