Jinoyat

Bosqinchilik va odam oʻgʻirlash jinoyatlarining oldi olindi

Bosqinchilik va odam oʻgʻirlash jinoyatlarining oldi olindi
IIV Tezkor-qidiruv departamenti tomonidan bosqinchilik va odam oʻgʻirlash jinoyatlarini rejalashtirgan uyushgan jinoiy guruhning harakatlariga chek qoʻyildi. Bu haqda IIV matbuot xizmati ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, 1988-yilda Samarqand shahrida tugʻilgan shaxs 2001-yilda tugʻilgan fuqaroni noqonuniy yoʻllar bilan AQSHga yuborishni vaʼda qilib undan 36 ming AQSH dollari miqdoridagi pullarni oladi. Biroq Meksika orqali AQSHga oʻtmoqchi boʻlgan fuqaro chegara xizmati tomonidan qoʻlga olinib Oʻzbekistonga deportatsiya qilinadi. Shundan soʻng u sarflangan pullarini qaytarishni talab qilib, 18 ming AQSH dollarini oladi.

Shundan so’ng, uddaburon tadbirkor mijozining bu harakatlaridan keyin unga nisbatan adovati uygʻonib, Toshkent shahrida yashovchi 1979-yilda tugʻilgan shaxs bilan oʻzaro til biriktirib, Meksikadan qaytgan fuqaroni oʻgʻirlab undan pul talab qilishni rejalashtiradi.

Shuningdek, Ichki ishlar vazirligi tezkor qidiruv departamenti Jinoyat qidiruv xizmati Uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish boshqarmasi xodimlari tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbir natijasida Yuqorichirchiq tumanidagi dalahovliga oʻgʻirlab kelingan shaxsni va buyurtmani bajarish uchun talab qilingan pullarni qabul qilib olgan jinoiy guruh aʼzolari ushlandi.

Ulardan maxsus ishlov berilgan pullar va qoʻrqitish uchun saqlab kelingan metalldan yasalgan soxta pistolet ashyoviy dalil sifatida olindi. Holat yuzasidan JKning 164-moddasi 2-qismi «b» bandi, Bosqinchilik va 137-moddasi 2-qismi «b» bandi Odam oʻgʻirlash bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi.

Hozirda IIV Tergov departamenti tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda.