Yangiliklar

Sodiq Safoyev Oʻzbekiston regbi federatsiyasi raisligiga qayta saylandi

Sodiq Safoyev Oʻzbekiston regbi federatsiyasi raisligiga qayta saylandi

Milliy olimpiya qoʻmitasida Oʻzbekiston regbi federatsiyasining navbatdagi hisobot-saylov konferensiyasi boʻlib oʻtdi.

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining birinchi oʻrinbosari, Oʻzbekiston regbi federatsiyasi raisi Sodiq Safoyev, Oʻzbekiston sport faxriylari kengashi raisi Bahodir Maxsitov, Sport oʻyinlari boʻyicha Respublika oliy sport mahorati maktabi direktori Jasur Akramov, federatsiyaning Ijroiya qoʻmitasi, viloyatlardagi vakillari, murabbiylar shtabi va sportchilar ishtirok etgan konferensiyada federatsiyaning oʻtgan davrdagi faoliyati koʻrib chiqilib, rahbariyat tarkibi shakllantirildi.

2019-2023-yillar davomida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan hisobot tinglandi. Toʻrt yil mobaynida erishilgan yutuqlar, yoʻl qoʻyilgan kamchiliklar koʻrib chiqildi.

Ijroiya qoʻmitasi aʼzolarining ovoz berishi natijasida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining birinchi oʻrinbosari Sodiq Safoyev Oʻzbekiston regbi federatsiyasining raisi etib saylandi.

Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi mudofaa vazirining oʻrinbosari Alisher Norboyev federatsiya raisining birinchi oʻrinbosari, MOQ Bosh kotibi Oybek Qosimov hamda Respublika tovar-xom ashyo birjasi boshqaruv raisi Ziyovuddin Badriddinov federatsiya raisi oʻrinbosari lavozimlariga saylandi.

Tadbirda federatsiya ijroiya qoʻmitasi, taftish hayʼati va tartib-intizom qoʻmitasi tarkibi ham shakllantirib olindi.

Hisobot-saylov yigʻilishi yakunida mahoratli sportchilarni tayyorlash, regbi boʻyicha mamlakat terma jamoalariga zarur shart-sharoitlarni yaratish, moddiy-texnik bazani mustahkamlash, xalqaro hamkorlikni rivojlantirish borasidagi ishlar tahlil qilindi.