Vazilar Mahkamasining 2024-yil 29-martdagi “Atmosfera havosiga transport vositalarining salbiy ta’sirini kamaytirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 166-sonli qarori qabul qilindi.
Hukumat qaroriga ko‘ra, «Ekologik transport» tizimi doirasida hududlar ulardagi atmosfera havosi bilan bog‘liq real ekologik holatdan kelib chiqib, ilg‘or xorijiy tajriba va innovatsion texnologiyalar asosida «yashil», «sariq» va «qizil» ranglar bilan belgilanadigan «toza», «o‘rta» va «zararli» ekologik zonalarga ajratib boriladi.
“Ekologik transport” tizimi quyidagi bosqichlarda joriy etiladi:
birinchi bosqichda (2024–2026-yillarda) – Toshkent shahrida;
ikkinchi bosqichda (2026–2028-yillarda) – Nukus shahri va viloyatlar markazlarida hamda, zaruratga ko‘ra, alohida ekologik zonalarda (sayyohlik markazi, tabiat qo‘riqxonasi, sog‘lomlashtirish va dam olish maskani va boshqalar);
uchinchi bosqichda (2028–2030-yillarda) – boshqa barcha hududlarda.
Ekologik toifasi hududning ekologik zonasiga muvofiq bo‘lmagan transport vositalariga nisbatan ekologik kompensatsiya to‘lovlarini joriy etish yoxud ulardan tegishli ekologik zonalar hududida foydalanishni cheklash yoki taqiqlash choralari ko‘riladi.
Ekologik toifasi hududning ekologik zonasiga muvofiq bo‘lmagan transport vositalaridan ekologik zonalar hududida foydalanish tartibiga rioya etmaganlik uchun javobgarlik choralari belgilanadi.
Jarima mablag‘lari esa mamlakatning ekologik holatini yaxshilashga va atrof-muhitni muhofaza qilishga maqsadli yo‘naltiriladi.
Hududlardagi ekologik zonalar chegaralarini belgilash hamda ularni o‘zgartirish tegishlicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Toshkent shahar va viloyatlar hokimliklari tomonidan Ekologiya vazirligi taklifiga asosan amalga oshiriladi.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!