Yangiliklar

Endi sudlar har chorakda o‘z faoliyati to‘g‘risida jamoatchilikni xabardor qilib boradi

Endi sudlar har chorakda o‘z faoliyati to‘g‘risida jamoatchilikni xabardor qilib boradi

Senatning 51-yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga sud hokimiyatining mustaqilligi kafolatlarini mustahkamlashga, sudlar faoliyati haqida jamoatchilikni xabardor qilishga hamda yagona sud amaliyotini taʼminlashga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun muhokama qilindi.

Ushbu Qonun bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga sudlar raislarining xalq deputatlari mahalliy Kengashlariga bir yilda kamida bir marta axborot taqdim etishi haqidagi qoidani bekor qilishni, o‘z navbatida sudlarning o‘z faoliyati to‘g‘risida jamoatchilikni har chorakda ommaviy axborot vositalari orqali xabardor qilib borishini, shuningdek sud qarorlarini qayta ko‘rish instituti takomillashtirilganligi munosabati bilan yagona sud amaliyotini taʼminlashni nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Senatorlar taʼkidlab o‘tganidek, Qonun sud hokimiyatining mustaqilligi kafolatlarini yana-da mustahkamlashga, jamiyatning sudlar faoliyati to‘g‘risida muntazam axborot olishi uchun mustahkam huquqiy asoslarni yaratishga, sudyalar zimmasiga odil sudlovni amalga oshirish bilan bog‘liq bo‘lmagan biror-bir majburiyat yuklatilishining oldini olishga hamda ular faoliyatining shaffofligini taʼminlashga, shuningdek qonunchilikdagi ayrim bo‘shliqlar va ziddiyatlarni bartaraf etishga xizmat qiladi.

Muzokaralardan so‘ng Qonun maʼqullandi.