Ellik birinchi yalpi majlisda “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonun senatorlar tomonidan muhokama qilindi.
Ayni vaqtda zargarlik tarmogʻini sanoatning asosiy drayverlaridan biriga aylantirish, zargarlik buyumlarini ishlab chiqarish va ularning savdosi boʻyicha faoliyatni qoʻllab-quvvatlash, shuningdek tadbirkorlik subyektlarining xomashyoga boʻlgan ehtiyojlarini qanoatlantirish maqsadida ushbu Qonun bilan Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga zargarlik buyumlarini ishlab chiqarish uchun foydalaniladigan qimmatbaho toshlarni Oʻzbekiston Respublikasi hududiga olib kirish qoʻshilgan qiymat soligʻidan ozod qilinishini nazarda tutuvchi qoʻshimcha kiritilmoqda.
Shu bilan birga turizmni yanada rivojlantirish, bolalar sogʻlomlashtirish oromgohlarining samarali faoliyatni amalga oshirishi uchun ularni qoʻllab-quvvatlash va ularga zarur shart-sharoitlar yaratish maqsadida ushbu Qonun bilan Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksini kasaba uyushmalari tizimidagi bolalar sogʻlomlashtirish oromgohlari negizida bolalarning dam olish mavsumidan tashqari davrda tashkil etiladigan dam olish uylarining va dam olish zonalarining mazkur yoʻnalishdagi xizmatlarni koʻrsatishdan olgan foydasi foyda soligʻidan ozod qilinishi toʻgʻrisidagi norma bilan toʻldirish nazarda tutilmoqda.
Bundan tashqari, “Turizm toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga kasaba uyushmalari tizimidagi bolalar sogʻlomlashtirish oromgohlari negizida bolalarning dam olish mavsumidan tashqari davrda tashkil etiladigan dam olish uylari va dam olish zonalari majburiy sertifikatlashtirishdan ozod etilishini nazarda tutuvchi oʻzgartirish kiritilmoqda.
Taʼkidlangandek, ushbu Qonun mahalliy zargarlik buyumlarini ishlab chiqaruvchilarni xomashyo resurslari bilan taʼminlashga va ularning eksport salohiyatini oshirishga, shuningdek turizmni rivojlantirishga va yangi ish oʻrinlarini yaratishga xizmat qiladi.
Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!