«Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida aholining biznes tashabbuslarini moliyalashtirishni takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Prezident qarori qabul qilindi.
Qarorga koʻra, 2024-yil 1-apreldan 2024-yilda oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida kreditlar oʻzini oʻzi band qilgan jismoniy shaxslarga (asosiy ish joyiga ega shaxslar bundan mustasno) quyidagicha ajratiladi:
- 33 million soʻmgacha, bir yildan soʻng ushbu qarz oluvchining tadbirkorlik faoliyati samaradorligi, qarzning maqsadli ishlatilganligi hamda zaruratga qarab guruh kafilligi (kamida 3 nafar fuqaro) bilan qoʻshimcha 50 mln soʻmgacha revolver asosida;
- ushbu kreditlardan tomorqani rivojlantirishning bir nechta yoʻnalishlarida (parrandachilik, quyonchilik, chorvachilik, asalarichilik, baliqchilik va ixcham issiqxona) foydalanishi uchun;
- yer maydoni 10 sotixdan ortiq boʻlgan tomorqa yer egalariga va ijarachilarga 50 mln soʻmgacha garovsiz;
- 10 sotixli ixcham issiqxonalarni barpo etish va baliqchilik faoliyatini tashkil etish uchun 100 mln soʻmgacha garovsiz.
Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi vakolatli banklar bilan birgalikda 2024-yil 1-iyuldan mahallalarda dasturlar doirasida ajratilgan kreditlardan maqsadli foydalanilishi monitoringini va ularning samaradorligini baholash mexanizmini joriy etadi.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!