O‘zbekistonda mahkumlar uchun elektron bilaguzuklar joriy etilishi kutilmoqda. Bu haqda “Uy qamog‘i ehtiyot chorasi va ozodlikni cheklash jazosi qo‘llanilgan shaxslarni masofaviy nazorat qilish tartibini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi hukumat qarori loyihasi e’lon qilindi.
Unda qayd etilishicha, IIVning Jamoat xavfsizligi masalalari ilmiy-amaliy tadqiqot markazi tomonidan ishlab chiqilgan elektron bilaguzuklar joriy etiladi.
Bilaguzuklarning sinovlari barcha hududlarda muvaffaqiyatli o‘tkazilgan. Endilikda ushbu amaliyot quyidagi tartibda bosqichma-bosqich joriy etilishi mumkin:
- 1 maydan – Andijon, Farg‘ona va Namangan viloyatlarida;
- 1 iyundan – Toshkent shahri, Toshkent va Sirdaryo viloyatlarida;
- 1 avgustdan – Jizzax, Navoiy va Buxoro viloyatlarida;
- 1 oktyabrdan – Samarqand, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarida;
- 1 dekabrdan – Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida.
Elektron bilaguzukni oyoqqa taqish istisno hollarda, bilagiga taqishga ruxsat beriladi. Homilador ayollar, kasallikdan aziyat chekkanlar va jismoniy imkoniyati cheklanganlar bilaguzukni taqib ololmaydi.
Loyihani ishlab chiqish jarayonida Koreya va Turkiya Adliya vazirliklari tizimidagi probatsiya xizmatlarining ilg‘or tajribasi o‘rganilgan.
Ta’kidlash joizki, uy qamog‘ida saqlanayotgan mahkumlarga elektron bilaguzuk xarid qilish bilan bog‘liq xarajatlar Huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari, ozodlikni cheklash jazosini o‘tayotgan shaxslar uchun esa Probatsiya xizmatini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qoplanadi.
Loyiha muhokamasi 11-aprelga qadar davom etadi.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!