Xitoy Tashqi ishlar vazirligi G‘azodagi World Central Kitchen xalqaro xayriya tashkiloti xodimlarining Isroil zarbasi natijasida halok bo‘lganiga izoh berdi.
Xitoy AQShda joylashgan World Central Kitchen (WCK) xalqaro xayriya tashkiloti xodimlarining G‘azo sektorida Isroil armiyasi tomonidan o‘ldirilganini qoralaydi. Bu haqda Xitoy tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Van Vinbin ma’lum qildi.
«Biz G’azo sektorida xalqaro gumanitar xizmatchilarga qilingan hujumdan hayratdamiz va sodir bo’lgan voqeani qoralaymiz», dedi diplomat jurnalistlar savoliga javob berar ekan.
Isroil qo‘shinlari tomonidan vayron qilingan G‘azodagi Al-Shifa kasalxonasi atrofidagi vaziyatni sharhlar ekan, u Xitoy tinch aholiga zarar yetkazuvchi va xalqaro huquqni buzuvchi har qanday harakatlarga qarshi ekanini ta’kidladi.
WCK bayonotiga ko’ra, 1-aprel kuni G‘azo sektorining Dayr al-Bala hududida isroilliklarning hujumi natijasida World Central Kitchen xalqaro xayriya tashkilotining yetti nafar xodimi halok bo‘ldi.
Halok bo‘lganlar orasida Avstraliya, Polsha, Buyuk Britaniya, AQSh, Kanada va Falastin fuqarolari bor. Hujum paytida guruh a’zolari hech qanday jangovar harakatlar bo’lmagan hududda tashkilot logotipi tushirilgan zirhli mashinalarda bo’lgan, deb ta’kidladi WCK.
“Bu fojia. Gumanitar ishchilar va tinch aholi hech qachon nishonga olinmasligi kerak”, dedi WCK vakillari.
Ayni paytda, Isroil armiyasi voqea yuzasidan «keng qamrovli tergov» olib borayotganini e’lon qildi.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!