Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent viloyati, Ohangaron shahrida homilador ayol qornidagi homilasi bilan vafot etgani haqida xabar tarqaldi. Mazkur holat yuzasidan Toshkent viloyati sogʻliqni saqlash boshqarmasi munosabat bildirdi.
Aniqlanishicha, 2024-yilning 3-aprel kuni soat 02:45 da 1992-yil Ohangaron shahrida tugʻilgan X.A. qorin va beldagi ogʻriq bilan Ohangaron shahar tibbiyot birlashmasi tugʻuruq boʻlimiga “Homiladorlik 4, 39 hafta tugʻuruq 3. Tugʻuruqning 1 davri, latent fazasi. Semizlik 3 daraja” tashxisi bilan qabul qilingan. Bemor shifokorlar nazorati ostida boʻlgan.
2024-yil 4-aprel kuni soat 14:10 da ayolning toʻsatdan ahvoli ogʻirlashib, havo yetishmasligi va yurak sohasida ogʻriq bilan nafas olishi qiyinlashgan.
Shundan soʻng zudlik bilan reanimatolog ishtirokida bemorda zarur reanimatsion choralar amalga oshirilgan.
Biroq shunga qaramay, soat 14:35 da ayolda biologik oʻlim holati kuzatilgan.
Sud-tibbiy ekspertizasining dastlabki xulosasiga koʻra, bemorning oʻlimiga yurak ishemik kasalligi, oʻtkir koronar yetishmovchiligi, yurak mushaklarining gipertrofiyasi va oʻtkir miokard infarkti sabab boʻlgan.
Asorati: Oʻtkir yurak va nafas yetishmovchiligi. Oʻpka shishi. Bosh miya shishi.
Yondosh: Homiladorlik 4, tugʻuruq 3, homiladorlik 39-40 hafta. Bachadon shilliq qavatlariga qon quyilishi. Semizlik 3 daraja. Oʻtkir jigar gepatozi. Homila ichi asfiksiyasi. Homila antenatal oʻlimi.
Hozirda mazkur holat boʻyicha huquq-tartibot idoralari tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda. Yakuniy xulosalar boʻyicha jamoatchilikka qoʻshimcha maʼlumot beriladi.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!