Yangiliklar

Tojikistondan Oʻzbekistonga giyohvandlik vositasini olib kirgan shaxslar qamaldi

Tojikistondan Oʻzbekistonga giyohvandlik vositasini olib kirgan shaxslar qamaldi

Jinoyat ishlari boʻyicha Yangiobod tuman sudining ochiq sud majlisida Tojikiston Respublikasidan Oʻzbekistonga yashirin yoʻllar orqali salkam 3 kg. “gashish” giyohvandlik vositasini olib kirgan jinoiy sheriklarga hukm oʻqildi. Bu haqda Oliy sud matbuot xizmati xabar berdi.

Sud materiallariga koʻra, Tojikistonlik 4 nafar shaxs oʻzaro oldindan jinoiy til biriktirib, 2 kg. 986,28 gr. “gashish” giyohvandlik vositasini Tojikistondan kontrabanda yoʻli orqali Oʻzbekistonga olib kirishgan va Jizzaxning Dashtobod shaharchasi hududidan oʻtgan A-376 avtomobil yoʻlining 242 kilometrida oʻrnatilgan “Dashtobod” yozuvli yoʻl belgisi yaqinidagi xufiyona joyga yashirib ketishgan.  

Jinoiy sheriklar salkam 3 kg.ga teng “gashish” giyohvandlik vositasini Samarqand viloyatida yashovchi “xaridorlar”ga qonunga xilof ravishda yetkazib berishni maqsad qilgan.  

Shu niyatda jinoiy sheriklarning ikki nafari A-376 avtomobil yoʻlida berkitib ketilgan “gashish” giyohvandlik vositasini yashirilgan joyidan olib, ularni kutib turgan yana bir sherigining manzili tomon harakatlanishgan. Biroq toʻrtovlon DXX hamda Jizzax viloyati IIB xodimlari tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbir vaqtida jinoyat ustida qoʻlga olingan.

Tintuv vaqtida Tojikiston fuqarosi boʻlgan shaxsning yonidagi 2 kg. 986,28 gr. “gashish” giyohvandlik vositasi ashyoviy dalil tariqasida olib qoʻyilgan.  

Tezkor tadbir vaqtida ularni Dashtobod shahridagi umumiy ovqatlanish maskanlarining birida kutib turgan yana bir sherik ham qoʻlga olingan va savdosi oʻxshamagan sheriklarning jinoiy harakatlari shu tariqa toʻxtatilgan.

Sud mazkur jinoyat ishini mazmunan koʻrib chiqib, Jinoyat kodeksining 28,246-moddasi 2-qismi va 25,273-moddasi 5-qismi bilan ushbu shaxslarga 11 yildan 13 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinladi.

Giyohvandlik balosi insoniyatni tanazzul botqogʻi sari yetaklaydigan eng xavfli illat ekanini unutmaylik. Bu toifadagi jinoyatga qoʻl urgan kimsalar qonuniy va adolatli tarzda jazoga tortilishlari muqarrar.