Yangiliklar

Toshkent va Samarqandda advokatlarning noqonuniy harakatlariga chek qoʻyildi

Toshkent va Samarqandda advokatlarning noqonuniy harakatlariga chek qoʻyildi

Toshkent shahridagi advokatlik byurosi advokati va qurilish sohasida faoliyat yurituvchi MCHJ yuristi oʻzaro kelishgan holda, sud tizimida yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari orqali, 2021-yilda Jinoyat Kodeksining 131 va 135-moddalari bilan sudlanib, 8 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilingan va hozirda jazo muddatini oʻtayotgan shaxsning ayblovidan 135-moddani olib tashlash orqali, unga nisbatan tayinlangan jazoni yengilroq jazo turiga almashtirib berish evaziga 75 ming AQSH dollari talab qilishadi. 

Lekin, ular soʻralgan pul mablagʻini olgan vaqtlarida Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlandi. 

Taʼkidlash lozimki, mazkur advokat 2015-2020-yillarda fuqarolik ishlari boʻyicha Bekobod tumanlararo sudining sudyasi boʻlib, MCHJ yuristi esa 1999-2003-yillarda jinoyat ishlari boʻyicha Buxoro viloyat sudi xodimi sifatida faoliyat yuritgan.

Boshqa holatda esa, muqaddam firibgarlik bilan bogʻliq jinoyati uchun sudlangan, Toshkent shahridagi advokatlik firmasi advokati sud organlaridagi tanishlari orqali, uzoq muddatga ozodlikdan mahrum etilgan mahkumning jazosini ozodlikdan mahrum qilish bilan bogʻliq boʻlmagan boshqa jazoga almashtirib berish evaziga 17 ming AQSH dollari olgan vaqtida Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Samarqand shahridagi advokatlik hayʼati advokati shahar prokuraturasi ish yurituvidagi jinoyat ishi boʻyicha gumonlanuvchi shaxsga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini qoʻllamasliklari uchun, prokuratura tizimidagi tanishlari orqali yordam berish evaziga 2 ming AQSH dollari talab qilib, 1,5 ming AQSH dollari olgan vaqtida Davlat xavfsizlik xizmati hamda prokuratura organlari xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlandi. 

Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 28,211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, qamoq ehtiyot chorasi qoʻllanilgan.