Shavkat Mirziyoyev Sharof Rashidov tumanidagi Tuyoqli mahallasida boʻlib, aholi turmush sharoiti va daromadlari bilan qiziqdi.
Mahallalardagi imkoniyatlarni ishga solib, aholi bandligini taʼminlash bugun davlat siyosati darajasiga koʻtarilgan. Bunda eng qulay va hammabop imkoniyatlardan biri tomorqadan foydalanishdir. Prezidentning shu yil 5-martdagi “Aholi xonadonlarida sanoat usulida mahsulot ishlab chiqarishni qoʻllab-quvvatlash hamda tomorqa va dehqon xoʻjaliklarida yangi zaxiralarni ishga solishga doir chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarorida katta imkoniyatlar belgilandi.
Bunday omilkorlikni Tuyoqli mahallasida ham koʻrish mumkin. 678 ta xonadonning deyarli hammasida tomorqa bor. Ularning jami maydoni 36 gektar. Mevali daraxtlar, tok va sabzavotlar yaxshi hosil beradi. 314 ta xonadondagi issiqxonalarda poliz ekinlari va gul koʻchatlari yetishtiriladi. Davlatimiz rahbari shu yerlik Abdumoʻmin Karimov xonadonini kirib koʻrdi.
Uyning tomorqasi 12 sotix, shundan 7 sotixida issiqxona barpo etilgan. Bundan tashqari, chorva, tovuq, asalari boqiladi. Xonadon egasi roʻzgʻorbop ekinlar yetishtirib, yiliga 200 million soʻmdan ziyod daromad olayotganini soʻzlab berdi.
– Oʻrtacha mahalladagi shu oddiy xonadon misolida koʻrayapmizki, oilaning oʻzida harakat boʻlsa, yaxshi daromad topsa boʻladi. Aholi ixtiyorida tomorqalar, undan foydalanaman degan insonlar ham koʻp. Faqat ularga yordam berish kerak. Masalan, mahalliy korxonalarni jalb etib, issiqxona qurilmalari, voish, asalari uyasi, koʻchat, urugʻlik va ozuqalarni yaxlit toʻplam qilib, arzon narxda yetkazib berish zarur, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Prezident shu yerda “mahalla yettiligi” bilan suhbatlashdi. Joylardagi imkoniyatlarni toʻliq ishga solish orqali oilalarning daromadini, xarid qobiliyatini oshirish haqida soʻz yuritildi. Bu ularning hayot sifatida, salomatligida, farzandlari kamolida aks etib, jamiyat rivojiga hissa boʻlib qoʻshilishi taʼkidlandi.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!