Isroilning G‘azo sektoriga bergan zarbasi oqibatida HAMAS harakati siyosiy qanoti yetakchisi Ismoil Xoniyaning uch o‘g‘li halok bo‘ldi. Isroil mudofaa armiyasi ushbu maʼlumotni tasdiqlagan.
Xoniya Al Jazeera telekanaliga telefon orqali bergan intervyusida o‘g‘illari urush vaqtida G‘azo sektorida qolgani, chorshanba kuni esa Ramazon hayiti munosabati bilan anklav shimolidagi qarindoshlarini ko‘rish uchun borishganini aytgan.
«Isroil harbiy-havo kuchlari samolyotlari HAMASning G‘azo sektori markaziy qismida terrorchilik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi uch jangarisiga qarata zarba yo‘lladi,- deyilgan isroillik harbiylar bayonotida.
SAHAL uch nafar jangari HAMASning siyosiy byurosi rahbari Ismoil Xoniyaning farzandlari ekanini tasdiqlagan.
Xoniya o‘z farzandlari va nabiralari, qarindoshlarining o‘ldirilishi HAMASning o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha muzokaralardagi pozitsiyasini o‘zgartirmasligini taʼkidlagan.
«Bizning talablarimiz aniq va ravshan, biz hech qanday yon bermaymiz. Dushman agar muzokaralarning avj pallasida va harakatimiz takliflarga o‘z javobini berishidan oldin mening o‘g‘illarimga hujum qilishi bizni pozitsiyamizni o‘zgartirishga undaydi, deb o‘ylasa adashadi»,- degan Xoniya Al Jazeera telekanaliga.
HAMAS o‘t ochishni butunlay to‘xtatish, Isroil qo‘shinlarini to‘liq olib ketish va uylarini tark etgan falastinliklarni sektorning shimoliy qismiga cheklovlarsiz qaytarish bo‘yicha dastlabki talablariga sodiq qolmoqda.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!