Rossiya ichki ishlar xodimlari Qirg‘iziston elchixonasi maslahatchisi Manas Jo‘ldoshbekovning xonadoniga bostirib kirib, uning oila a’zolariga tan jarohati yetkazdi. Bu haqda AKIpress xabar berdi.
Bugun, 12-aprel kuni shu masala yuzasidan Qirg‘iziston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining Konsullik boshqarmasida Rossiya elchixonasi konsul maslahatchisi Andrey Burev bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Unda Qirg‘izistonning Moskvadagi elchixonasi maslahatchisi oila a’zolariga nisbatan 1961-yildagi Diplomatik munosabatlar to‘g‘risidagi Vena konvensiyasi qoidalarini qo‘pol ravishda buzilgani muhokama qilindi.
Konsul Burev bu holatdan afsusdaligini bildirdi va Rossiya Tashqi ishlar vazirligi Qirg‘iziston tomonidan rasmiy nota olganini, shu asosda hozirda tekshiruv o‘tkazilayotganini ta’kidladi.
“Ko‘rsatilgan militsiya xodimlari diplomat va uning oila a’zolarining xonadoniga qulfni buzib, kirish eshigiga shikast yetkazish yo‘li bilan qonunga xilof ravishda kirib kelganliklari bilan bir qatorda, huquq-tartibot idoralari xodimlari qo‘pollik bilan migratsiya qaydnomasi varaqasining yechib olinadigan qismini taqdim etishni talab qilishgan”, deyiladi xabarda.
Diplomat va uning oila a’zolari diplomatik pasport va diplomatik kartochkalarini taqdim etganidan keyin ham politsiya xodimlari migratsiya ro‘yxatidan o‘tganlik haqidagi hujjatlarni taqdim etishni agressiv tarzda talab qilishda davom etgan, oqibatda diplomatning rafiqasi tan jarohati olgan, voyaga yetmagan farzandlariga esa ruhiy shikast yetkazilgan.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!