Yangiliklar

Boks: Hasanboy Doʻsmatov IBA chempionlik kamarini qoʻlga kiritdi

Boks: Hasanboy Doʻsmatov IBA chempionlik kamarini qoʻlga kiritdi

Toshkentdagi “Humo Arena” majmuasida professional boks boʻyicha IBA “Chempionlar oqshomi” oʻtkazildi. Mazkur kechada 8 ta jang oʻtkazildi va ushbu bahslarning markaziy jangi IBA kamari uchun Hasanboy Doʻsmatov va Samuel Karmona (Ispaniya) oʻrtasida boʻlib oʻtdi.

IBA “Chempionlar oqshomi”ning markaziy jangiga qadar oʻtkazilgan 6 raundlik bellashuvlarda Aʼloxon Abdullayev -75 kg. vazn toifasida Jargal Otgonjargalni (Moʻgʻuliston) 5 raundda nokautga uchratgan holda yengdi. Super yarim oʻrta vazn toifasida esa Iqboljon Xoldorov qozogʻistonlik Raxmanqoʻl Sagadatni, -63.5 kg. vaznda Mujibillo Tursunov tanzaniyalik Juma Chokini, vazni -60 kilogrammgacha boʻlgan charm qoʻlqop ustalari bahsida Elnur Abduraimov meksikalik Karlos Ornelasni, ogʻir vazn toifasida Jahongir Zokirov xorvatiyalik Smakiki Agrongani yengdi.

Shuningdek, Asadxoʻja Moʻydinxoʻjayev 8 raund etib belgilangan bahsda turkiyalik Fatix Keles ustidan zafar quchdi. Tashkilotchilar tomonidan 10 raund davom etishi belgilangan bahsda Artyom Suslenkov (Rossiya) hamda Maylk Xanterni (AQSH) taslim etdi.

IBA kamari uchun oʻtkazilgan Hasanboy Doʻsmatov va Samuel Karmona (Ispaniya) oʻrtasidagi jang 10 raund davom etdi. Hasanboyning texnikasi va uning tezkor hamda aniq zarbalari raqibiga qiyinchilik tugʻdirdi. Natijada bokschimiz zafar quchdi. Bu gʻalaba Hasanboy Doʻsmatovga IBA chempionlik kamarini taqdim etdi hamda professional boksdagi 7 gʻalabasini taʼminladi.