Buxoro viloyatida oʻtkazilgan toʻy marosimida 50 dan oshiq odam ovqatdan zaharlangan. Bu haqda viloyat Sogʻliqni saqlash boshqarmasi xabar bermoqda.
12-aprel kuni soat 22:00 larda Buxoro tuman markaziy shifoxonasiga qorinda ogʻriq, koʻngil aynishi, qusish va umumiy holsizlik bilan bemorlar murojaat qila boshlagan. Anamnezda barcha bemorlar Buxoro tumanida joylashgan toʻyxonada ovqat isteʼmol qilish natijasida ushbu shikoyatlar kelib chiqqanini bildirishgan.
Zudlik bilan Buxoro tuman markaziy shifoxonasiga barcha vrachlar safarbar etilgan. Shuningdek, viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasidan ham tegishli mutaxassislar jalb etildi va murojaat qilganlar toʻliq koʻrikdan oʻtkazilgan.
Barcha bemorlarga “Oʻtkir diareya, gastritik va gastroenteritik shakli, oʻrta ogʻirlikda kechishi. Ovqatdan zaharlanish” tashxisi qoʻyilgan va tegishli infuzion terapiya boshlangan. Buxoro tuman markaziy shifoxonasiga kech soat 03:00 ga qadar jami 16 nafar bemor (4 nafar bolalar, 12 nafar katta yoshdagilar) murojaat qilgan.
Bundan tashqari, Vobkent tuman tibbiyot birlashmasiga qarashli markaziy shifoxonaga ham xuddi yuqoridagi shikoyatlar bilan jami 37 nafar bemor (9 nafar bola va 28 nafar kattalar) murojaat qilgan. Ularga ham “Oʻtkir diareya, gastritik va gastroenteritik shakli, oʻrta ogʻirlikda kechishi. Ovqatdan zaharlanish” tashxisi qoʻyilib, yuqori malakali mutaxassislar tomonidan konsultatsiya oʻtkazilib, infuzion terapiya boshlangan.
13-aprel ertalab soat 09:00 holatida Buxoro tumanida davolanayotgan 11 nafar bemor va Vobkent tumanidan davolanayotgan 32 nafar bemorning ahvoli yaxshilanib, qoniqarli ahvolda uyiga javob berilgan.
Qayd etilishicha, qolgan bemorlar ham ahvoli yaxshilangach uyiga javob beriladi. Tibbiyot brigadalari tomonidan toʻyda qatnashgan mehmonlar ahvoli hududlar kesimida nazoratga olingan.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!