Shavkat Mirziyoyev 15-aprel kuni Qatar Davlati Bosh vaziri, tashqi ishlar vaziri shayx Muhammad bin Abdurahmon Ol Soniy boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.
Qatar delegatsiyasi “Markaziy Osiyo – Koʻrfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi” muloqoti mamlakatlari tashqi ishlar vazirlarining navbatdagi yigʻilishida ishtirok etish uchun mamlakatimizda boʻlib turibdi.
Bosh vazir Muhammad Ol Soniy Oʻzbekiston yetakchisiga Qatar Amiri Tamim bin Hamad Ol Soniyning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.
Ikki tomonlama hamkorlikni, eng avvalo, savdo-iqtisodiyot, investitsiya va transport-kommunikatsiya sohalarida yanada kengaytirishning dolzarb masalalari muhokama qilindi.
Davlatimiz rahbari siyosiy muloqot jadal tus olgani, oʻzaro savdo va investitsiyalar hajmi faol oshayotganini mamnuniyat bilan qayd etdi.
Qatarning yetakchi kompaniyalari ishtirokida yirik investitsiya loyihalari amalga oshirilmoqda. Madaniy-gumanitar tadbirlar oʻtkazilmoqda. Oktyabr oyida Oʻzbekistonda Qatar madaniyati haftaligi boʻlib oʻtadi.
Qoʻshma investitsiya loyihalarini ilgari surish, ularni moliyaviy qoʻllab-quvvatlashning samarali mexanizmlarini tezroq yaratish muhimligi qayd etildi.
Transafgʻon temir yoʻlini qurish loyihasini amalga oshirishni jadallashtirish masalalari koʻrib chiqildi.
Mintaqaviy kun tartibidagi masalalar, shu jumladan Yaqin Sharqdagi vaziyatning jiddiy keskinlashayotgani yuzasidan ham fikr almashildi.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!