Jinoyat

Toshkent va Buxoro viloyatlarida yer maydonlarini noqonuniy sotish holatlariga chek qo‘yildi

Toshkent va Buxoro viloyatlarida yer maydonlarini noqonuniy sotish holatlariga chek qo‘yildi

Toshkent viloyatining O‘rtachirchiq tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda, maklerlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi 2 nafar shaxs Ohangaron tumanidagi qishloq xo‘jaligiga ixtisoslashgan MCHJga 30 yil muddatga ijara huquqi asosida berilgan 96,6 gektar yaylov yer maydonini mansabdor tanishlari orqali, chorvachilik bilan shug‘ullanmoqchi bo‘lgan fuqaro nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 70 ming AQSH dollari olgan vaqtlarida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Tergovga qadar tekshiruv davomida, maklerlar ushbu noqonuniy ishni Toshkent viloyati Qishloq xo‘jaligi boshqarmasida bo‘lim boshlig‘i o‘rinbosari, shoʻba boshlig‘i hamda bosh mutaxassis lavozimlarida ishlovchi 3 nafar shaxs orqali hal qilmoqchi bo‘lganliklari aniqlanib, ular ham qo‘lga olindi.

Toshkent tumanidagi MCHJ rahbari hamda ishchisi o‘zaro til biriktirib, muqaddam avtoturargoh va intensiv yong‘oqzor tashkil etish uchun, ushbu MCHJga 9 yil muddatga ijara huquqi asosida berilgan 50 sotix yer maydonining 25 sotixini xaridor nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 50 ming AQSH dollari olgan vaqtlarida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Ohangaron tumanida yashovchi, 1983 y.t. shaxs o‘z onasiga tegishli chorvachilik fermasiga muqaddam 49 yil muddatga ijara huquqi asosida berilgan 20 gektar yer maydonini tadbirkorlik bilan shug‘ullanmoqchi bo‘lgan fuqaro nomiga rasmiylashtirib berish va uning 40 sotix qismida qurilish ishlari olib borish uchun mansabdor tanishlari orqali ruxsat olib berish evaziga 100 ming AQSH dollari talab qilib, oldindan 30 ming AQSH dollari olgan vaqtida ushlandi.

Bu yo‘nalishda Buxoro viloyatida ham qonunbuzilish holati aniqlandi.

Xususan, Buxoro tumanidagi bog‘dorchilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jalik rahbari muqaddam tuman hokimining tegishli qarori bilan ushbu xo‘jalikka 49 yil muddatga ijara huquqi asosida ajratib berilgan 5,3 gektar yer maydonini xaridorga 95 ming AQSH dollariga sotishga kelishib, oldindan 30 ming AQSH dollari olgan vaqtida ushlandi.

Hozirda barcha holatlar yuzasidan mazkur shaxslarga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.