Yangiliklar

Shavkat Mirziyoyevning Tojikistonga davlat tashrifi yakunlandi

Shavkat Mirziyoyevning Tojikistonga davlat tashrifi yakunlandi

Shavkat Mirziyoyevning Tojikistonga davlat tashrifi doirasidagi tadbirlar yakuniga yetdi.

Kuni kecha Oʻzbekiston rahbari Prezident Emomali Rahmon bilan tor doirada va kengaytirilgan tarkibda muzokaralar oʻtkazdi. Davlat rahbarlari ikki tomonlama munosabatlarda yangi tarixiy bosqichni boshlab bergan Ittifoqchilik munosabatlari toʻgʻrisidagi shartnomani imzoladilar.

Prezidentlarning farmonlari bilan yuksak faxriy unvonlarga sazovor boʻlgan ikki mamlakat madaniyat va sanʼat arboblaridan bir guruhini taqdirlash marosimi boʻlib oʻtdi. Yetakchilar birgalikda “Doʻstlik oqshomi” konsert dasturini tomosha qildilar.

Bugun Prezidentimiz Tojikiston Parlamenti quyi palatasi Raisi Mahmadtoir Zokirzoda va Bosh vazir Qohir Rasulzoda bilan uchrashuvlar oʻtkazdi.

Davlat rahbarlari mamlakatimizning Dushanbedagi elchixonasi yangi binosini tantanali ravishda ochib berdilar hamda Oʻzbekiston sanoat mahsulotlari koʻrgazmasi bilan tanishdilar.

Dushanbe xalqaro aeroportida davlatimiz rahbarini Prezident Emomali Rahmon kuzatib qoʻydi. Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkentga qaytib keldi.