Jahon

Trampning jinoiy ishi ko‘rilayotgan sud binosi yonida noma’lum erkak o‘ziga o’t qo’ydi

Trampning jinoiy ishi ko‘rilayotgan sud binosi yonida noma’lum erkak o‘ziga o’t qo’ydi

AQSHning sobiq prezidenti Donald Trampning jinoiy ishi bo‘yicha hakamlar hay’ati tanlanayotgan Manxettendagi sud binosi yonida noma’lum erkak o‘zini yoqib yubordi. Bu haqda “The New York Times” xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, erkak kecha, 19-aprel kuni mahalliy vaqt bilan taxminan 13:35 Kolt-Pond parkida ustidan suyuqlik sepgan. Bu Tramp tarafdorlari uchun o‘rab olingan parkning bir qismida sodir bo‘ldi. Erkak nima uchun bunday qilgani hozircha noma’lum.

Guvohlar va politsiya yong‘inni o‘chirishga harakat qilgan. Jabrlanuvchi tez yordam mashinasida olib ketilgan va u shifoxonada vafot etgan.

Erkak o‘zini yoqib yuborishdan oldin sud tashqarisiga hukumatga qarshi fitna nazariyalari va Nyu-York universitetini tanqid qilgan varaqalarni tarqatgan.

Sud 19-aprel kuni Trampning jinoiy ishi bo‘yicha hakamlar hay’atini tanlashni yakunladi. Hozirda 12 ta asosiy va oltita muqobil hakamlar hay’ati mavjud.

Donald Trampga qarshi ochilgan to‘rt jinoiy ishdan biri bo‘yicha sud 22-aprel kuni Nyu-Yorkda boshlanadi. AQSHning sobiq prezidenti porno-aktrisa Stormi Deniyelsga to‘lovlarni yashirish uchun biznes yozuvlarini soxtalashtirishda gumon qilinmoqda. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, Tramp unga 2016-yilgi saylov kampaniyasi vaqtida sukut saqlagani uchun pul to‘lagan. Tramp 34 ta bandning har biri uchun 4 yilgacha qamoq jazosiga hukm qilinishi mumkin.