“Biznesni rivojlantirish banki”ning bir guruh boshqaruv xodimlari Vengriyaning kichik biznesni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash borasidagi tajribasi bilan tanishib qaytishdi.
“Biznesni rivojlantirish banki” ATB O‘zbekiston Prezidentining 2023-yil-14 sentyabrdagi “Kichik biznesni rivojlantirishni moliyaviy va institutsional qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini taʼminlash maisadida faol xalqaro hamkorlikni olib bormoqda. Bankka Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Osiyo taraqqiyot banki, KPMG xalqaro ekspertlari jalb qilingan. Kichik biznesni moliyalashtirish hamda ko‘rsatiladigan moliyaviy xizmatlarni raqamlashtirish, xodimlar malakasini oshirish bo‘yicha Rossiya Sberbanki hamda Kichik va o‘rta tadbirkorlikni rivojlantirish federal korporatsiyasi, “MSP Bank” bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan.
Xususan, bank vakillari Vengriya moliya bozori yetakchisi OTP bank ofislarida bo‘lib, ularda tadbirkorlarga xizmat ko‘rsatish jarayonlari va taklif qilinayotgan xizmatlar bilan tanishishdi.
Shuningdek, Vengriya Savdo-sanoat palatasi vakillari bilan uchrashuv o‘tkazildi. Muloqotda Palataning kichik biznes vakillariga ko‘maklashishdagi ishtiroki, tadbirkorlarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash borasida tatbiq etilayotgan loyihalar haqida axborot berildi.
Bundan tashqari kichik va o‘rta biznesni rivojlantirish yo‘nalishida faoliyat yuritadigan “Kavos” kompaniyasi faoliyati bilan ham tanishildi.
Safar davomida bank tizimini takomillashtirishga ixtisoslashgan kompaniyalar va biznesga xizmat ko‘rsatishni raqamlashtirishga doir IT loyihalar va soft dasturlarning taqdimotlari ham bo‘lib o‘tdi.
Bank vakillari NCR brendi ostida bankomatlar yetkazib beruvchi «Ennoconn Hungary» kompaniyasidagi ishlab chiqarish jarayonlariga ham guvoh bo‘ldilar.
«Biznesni rivojlantirish banki» ATB mazkur safar davomidagi muhokamalar va dastlabki kelishuvlar asosida kelgusida Vengriya kompaniyalari bilan hamkorlik aloqalarini mustahkamlashni rejalashtirmoqda.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!