Sport

Shaxmatda Ginnes rekordi o‘rnatildi

Shaxmatda Ginnes rekordi o‘rnatildi

Amerika Qo‘shma Shtatlarida bo‘lib o‘tgan shaxmat tarixining eng uzun marafonida yangi Ginnes rekordi o‘rnatildi. Bu haqda “Euronews” nashri xabar berdi.

Nyu-Yorkning Times maydonida o’tgan haftada shaxmat musobaqasi bo‘lib o‘tdi. Unda nigeriyalik 29 yoshli Tunde Onakoya 60 soat davomida shaxmat o‘ynab, dunyo rekordini yangiladi. Unga shu vaqt davomida amerikalik shaxmat chempioni Shon Martines raqiblik qildi.

 

18-aprel kuni kechqurun, o‘yinning dastlabki 24 soati o‘tgandan so‘ng, Onakoya hali o‘yinni uzoq davom ettirishi mumkinligini bildirdi.

«Mening energiyam hozir 100 foiz. Chunki xalqim meni musiqa bilan qo‘llab-quvvatlamoqda», deydi u.

Ushbu o‘yindagi so‘nggi yurish 20-aprel kuni 12:40 da amalga oshirildi. O‘yinchilar bu 2 yarim kun davomida ko‘p miqdorda suv ichdi va G‘arbiy Afrikaning guruchdan tayyorlanadigan milliy taomini iste’mol qildi. Shuningdek, har soatda o‘yin uchun atigi besh daqiqalik tanaffus bilan qat’iy jadvalga rioya qilindi.

 

Onakoya ushbu rekordni o‘rnatishidan maqsad Afrikadagi bolalarning ta’lim olishini qo‘llab-quvvatlash bo‘lganini bildirdi (U 2018-yildan buyon Afrikada shaxmat o‘yinini targ‘ib qilib kelmoqda). O‘yinning dastlabki 20 soati ichida 22 ming dollar yig‘ildi. Rekordchi 1 million dollar yig‘ishga umid qilmoqda. Uni qo‘llab-quvvatlaganlar orasida taniqli shaxslar va amaldorlar, jumladan Nigeriyaning sobiq vitse-prezidenti Yemi Osinbajo ham bor.

Ma’lumot uchun, bundan avvalgi shaxmat rekordi 2018-yilda norvegiyaliklar Hallvard Flatebo va Syur Ferkingstad tomonidan o‘rnatilgandi. Ular naq 56 soat 9 daqiqa 37 soniya davomida dona surgan.