Yangiliklar

Samarqandda erining qoʻl-oyogʻini bogʻlab yoqib yuborgan ayol 12 yilga qamaldi

Samarqandda erining qoʻl-oyogʻini bogʻlab yoqib yuborgan ayol 12 yilga qamaldi

Samarqandda 32 yoshli ayol mast holatda boʻlgan turmush oʻrtogʻining oyoq-qoʻllarini bogʻlab, ustiga benzin sepib, yoqib yuborgan. Jinoyatga qoʻl urgan ayol erkakning sharʼiy nikoh asosida yashab kelayotgan xotini boʻlgan va ular tez-tez janjallashib turishgan.

Sudlanuvchi ayol janjallarga eri oxirgi paytlarda uyga pul olib kelmagani va uni boshqa erkaklar bilan gaplashayotganlikda ayblab, rashk qilgani sabab boʻlganini maʼlum qilgan.

Fojia sodir boʻlgan kuni ham erkak ayolni urgan va oʻgʻlini oʻldirish bilan qoʻrqitgan. Shundan soʻng ayol koʻchaga chiqib spirtli ichimlik olib kelib, turmush oʻrtogʻiga ichish uchun beradi va tanishiga benzin buyurtma qiladi. Benzin kelgach, ayol uy ichida mast holda yotgan erining oyoq-qoʻllarini bogʻlab, uning ustiga benzin quyib yoqib yuboradi. Erkak shifoxonada vafot etgan.

Jinoyat ishlari boʻyicha Samarqand shahar sudida boʻlib oʻtgan sud majlisida ayol Jinoyat kodeksining 97-moddasi (qasddan odam oʻldirish) 2-qismi “v” (aybdorga ayon boʻlgan ojiz ahvoldagi shaxsni oʻldirish), “d” (boshqa shaxslarning hayoti uchun xavfli boʻlgan usulda) va “j” (oʻta shafqatsizlik bilan) bandlari bilan aybli deb topilib, 12 yil muddatga ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlangan.