Yangiliklar

“Doʻstlik” bogʻida bironta daraxt kesilishi mumkin emas” — Ekopartiya

“Doʻstlik” bogʻida bironta daraxt kesilishi mumkin emas” — Ekopartiya

Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahar, Yakkasaroy tumanidagi “Doʻstlik” (Bobur) madaniyat va istirohat bogʻining qayta rekonstruksiya qilinishi va parkga atraksionlar joylashtirilishi haqida xabarlar tarqaldi. Holat yuzasidan Ekologik partiya munosabat bildirdi.

Xabarga koʻra, bugun shahar markazlarida yashil bogʻlarni barpo etish hayotiy zarurat va dunyo trendiga aylangan. Atraksionli koʻngilochar parklar esa asosan shaharlar tashqarisida joylashtiriladi.

“Qonunchiligimiz talabiga koʻra shaharsozlik hujjatlari loyihalari belgilangan tartibda jamoatchilik muhokamasidan oʻtkazilishi kerak.

Shularni inobatga olgan holda mutasaddilar mazkur bogʻdagi daraxt va yashillikni saqlab qolishlari, atraksionlar oʻrnatilmasligi va bogʻni rekonstruksiya qilish loyihasini jamoatchilikka taqdimot qilishlari lozim.

Oʻzbekiston Ekologik partiyasi har qanday qurilish va rekonstruksiya ishlari atrof-muhitga va daraxtlarga zarar yetkazmaslik, yashil hududlar kamayishiga yoʻl qoʻymaslik va jamoatchilik fikrini inobatga olgan holda amalga oshirilishi lozim, deb hisoblaydi hamda fuqarolarning talablaridan kelib chiqqan holda mazkur masala yuzasidan Toshkent shahar hokimligiga deputatlik soʻrovini yuboradi”, — deyiladi xabarda.