Yangiliklar

O‘zbek telekanallarida har shanba «Milliy kino kuni» bo‘ladi

O‘zbek telekanallarida har shanba «Milliy kino kuni» bo‘ladi

Bugun Renessans kino uyida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan «Biz bir bo‘lsak – yagona xalqmiz, birlashsak – vatanmiz» shiori ostida Respublikadagi telekanallarda haftaning bir kunini «Milliy kino kuni» sifatida belgilash hamda milliy filmlar namoyishini yo‘lga qo‘yish maqsadida anjuman bo‘lib o‘tdi.

Unda Kinematografiya agentligi, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi, O‘zbekiston Milliy media birlashmasi hamda nodavlat telekanallar rahbarlari va OAV vakillari ishtirok etdi.

Anjuman davomida Prezidentning “Kino sanʼati va sanoatini yangi bosqichga olib chiqish, sohani davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini yana-da takomillashtirish to‘g‘risida”gi farmoni asosida milliy manfaatlarni himoya qilish, milliy madaniyat va qadriyatlarni asrash, kelgusi avlodlarga bus-butun yetkazish, yoshlarni yuksak vatanparvarlik ruhida tarbiyalash maqsadida davlat buyurtmasiga asosan yaratilgan milliy filmlar namoyishini tashkil etish bo‘yicha hamkorlik memorandumi imzolandi.

Unga ko‘ra, haftaning har shanba kuni «Milliy kino kuni» etib belgilandi. Bu kunda davlat va nodavlat telekanallarda faqat milliy filmlar namoyish qilinadi.

— Bu aksiyamiz xalqimizga manzur bo‘ladi. Chunki biz aksiya orqali, avvalo yangi filmlarimiz bilan birga, retro filmlarimizni ham xalqimizga taqdim etamiz. Tomoshabinlarimiz bu filmlarni sog‘inishgan, albatta. Bular xorijiy kinofondlardan qaytarilgan o‘zbek filmlarining etalon nusxalaridir. Yana shunga aminmizki, Prezidentimizning bu tashabbusi bilan tomoshabinlarda o‘zbek filmlariga nisbatan qiziqish yana-da ortadi, – dedi Kinematografiya agentligi direktori.

O‘zbekiston Milliy media birlashmasi raisi Sherzodxon Qudratxo‘ja hamda Respublika maʼnaviyat va maʼrifat markazi rahbari Otabek Hasanovlar ham mazkur aksiyani qo‘llab-quvvatlab, o‘z fikrlarini bildirdi. Anjuman so‘nggida, Kinematografiya agentligi direktori ushbu quvonchli kelishuv bilan barchani tabrikladi.