Jahon

Rossiyada yana bir amaldor qo‘lga olindi

Rossiyada yana bir amaldor qo‘lga olindi

Rossiya Tergov qo‘mitasi va Federal xavfsizlik xizmati xodimlari Moskva viloyati hukumati raisining sobiq birinchi o‘rinbosari Svetlana Strigunkovani hibsga oldi. Bu haqda “Kommersant’” xabar berdi.

Amaldor bir oy oldin o‘z lavozimidan iste’foga chiqqan va hozirda u 150 million rubl miqdorida pora (Jinoyat kodeksining 290-moddasi 6-qismi) olganlikda gumon qilinmoqda.

Amaldor poraxo‘rlikda ayblanishi hozirda hibsda saqlanayotgan viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi rahbarining sobiq o‘rinbosari Aleksandr Zaxarov bilan bog‘liq. Tashkilotni oldin Strigunkova boshqargan.

Zaxarov qo‘lga olinganidan so‘ng uning katta miqdordagi mol-mulki va moliyaviy resurslari borligi, jumladan, tintuv chog‘ida undan katta miqdordagi pul mablag‘lari borligi ma’lum bo‘lgan. Shuningdek, Moskva yaqinidagi shifoxonalarni kapital va joriy ta’mirlash bilan shug‘ullanuvchi kompaniyalardan ham pul olgani aniqlangan. U aybini tan olib, Svetlana Strigunkovaga qarshi ko‘rsatma bergan.

Ko‘rsatmaga ko‘ra, u go‘yoki pullarning bir qismini Strigunkovaga bergan. Uning ko‘rsatmalarini tekshirish yangi gumonlanuvchining hibsga olinishiga olib keldi. Strigunkovaning o‘zi aybdorligini rad etmoqda.