Jinoyat

Soliq va MIB xodimlarining noqonuniy harakatlariga chek qo‘yildi

Soliq va MIB xodimlarining noqonuniy harakatlariga chek qo‘yildi

Sirdaryo viloyati Soliq boshqarmasining soliq to‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish bo‘limi bosh inspektori Guliston shahrida faoliyat yurituvchi 3 ta masʼuliyati cheklangan jamiyatning soliq qarzlarini, ushbu MCHJlarni soddalashtirilgan tartibda bankrot deb topish yo‘li bilan bartaraf qilib berish evaziga 4 ming AQSH dollari olgan vaqtida Davlat xavfsizlik xizmati va Bosh prokuratura huzuridagi Departament xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Namangan viloyati Yangiqo‘rg‘on tumani soliq inspeksiyasi katta inspektori bog‘dorchilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jalikning 2023 va 2024 yillar uchun yer solig‘idan aniqlangan 11 mln. 200 ming so‘m miqdoridagi qarzdorligini bartaraf qilib berish evaziga 7 mln. so‘m, shuningdek, ushbu fermer xo‘jalik rahbarining tanishiga tegishli noturar joyning mol-mulk va yer soliqlaridan bo‘lgan 55 mln. 100 ming so‘m qarzdorligini ham to‘liq bartaraf qilib berish evaziga 28 mln. so‘m talab qiladi.

Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan viloyat prokuraturasi hamda ichki ishlar boshqarmasi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda, u talab qilingan jami 35 mln. so‘m pul mablag‘ini olgan vaqtida ushlandi.

Namangan viloyati Uchqo‘rg‘on tumanidagi meva-sabzavot saqlash faoliyati bilan shug‘ullanuvchi masʼuliyati cheklangan jamiyatga sovutish ombori qurish va unga zarur bo‘ladigan agregatlar sotib olish uchun 2023 yilning yanvar oyida aksiyadorlik tijorat bankidan 170 ming AQSH dollari miqdorida kredit ajratiladi.

Ammo, olingan kreditni to‘lash davrida 3 oylik qarzdorlik yuzaga kelib, uni undirish maqsadida bank tomonidan Majburiy ijro byurosining Uchqo‘rg‘on tuman bo‘limiga murojaat qilinadi.

Shundan so‘ng, masʼuliyati cheklangan jamiyat tomonidan kredit qarzdorligi to‘lansada, byuroning 2 nafar davlat ijrochisi MCHJ rahbarini aldab, go‘yoki tuman prokuraturasi tomonidan kredit mablag‘i maqsadsiz sarflanganligi holati bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilganligini aytib, uni javobgarlikka tortilmasligiga yordam berish evaziga 2 ming AQSH dollari talab qilishadi.

Ammo, MIB Uchqo‘rg‘on tuman bo‘limining davlat ijrochilari so‘ralgan pul mablag‘ini olgan vaqtlarida Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan ushlandi.

Jizzax shahridagi advokatlar hayʼati advokati Jinoyat Kodeksining 165- va boshqa moddalari bilan ayblanib, “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan o‘z himoyasidagi sudlanuvchiga nisbatan, sud organlaridagi mansabdor tanishlari orqali ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo tayinlatib berish evaziga 10 ming AQSH dollari olgan vaqtida Davlat xavfsizlik xizmati va prokuratura organlari xodimlari tomonidan ushlandi.

Hozirda mazkur shaxslaring barchasiga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.