Jinoyat

Qashqadaryoda voyaga yetmagan qizga jinsiy tegajog‘lik qilgan yigitlar ushlandi

Qashqadaryoda voyaga yetmagan qizga jinsiy tegajog‘lik qilgan yigitlar ushlandi

Bolalar ombudsmani ijtimoiy tarmoqlarda voyaga yetmagan qizga tegajog‘lik qilib, holatni videoga olgan yigit voqeasi bo‘yicha ma’lumot berdi.

Ma’lum bo’lishicha, 24-aprel kuni Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumanida yashovchi fuqaro O.Y.dan murojaat kelib tushgan. Murojaatda Chiroqchi tumanida yashovchi voyaga yetmagan qiz B.B. (2006-yilda tug‘ilgan) ga nisbatan jinsiy tegajog‘lik qilinib, bu videoga olingani va tasvirni tarqatish bilan tahdid qilinayotgani bildirilgan.

Shuningdek, 2023-yil iyul oyida B.B.ga Sh.X. tomonidan jinsiy tegajog‘lik qilinib, bu holat boshqa shaxs — J.M. tomonidan telefon orqali videotasvirga olingan. Keyinchalik J.M. videotasvirni tarqatib yuborish bilan qo‘rqitib, qizdan tovlamachilik yo‘li bilan pul olgan, ammo shundan keyin ham videotasvirni tarqatish bilan tahdidni davom ettirib, tovlamachilik qilib kelgan.

Mazkur holat bo‘yicha B.B. 30-mart kuniga kelibgina tuman IIBga ariza bilan murojaat qilgan. Tergovga qadar tekshiruv doirasida sudga oid tibbiyot, kriminalistika va biologiya ekspertizalari tayinlangan. 8-aprel kuni Jinoyat kodeksining 25-moddasi (jinoyatga tayyorgarlik ko‘rish va jinoyat sodir etishga suiqasd qilish) orqali 118-moddasi 1-qismi (Nomusga tegish) va 165-moddasi 1-qismi (tovlamachilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Hozirda jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.