Jahon

Rossiyada navbatdagi mansabdor qamaldi

Rossiyada navbatdagi mansabdor qamaldi

Rossiya Federatsiyasi Madaniyat vazirining sobiq o‘rinbosari Olga Yarilovani og‘ir oqibatlarga olib kelgan mansab vakolatlarini suiiste’mol qilish (Jinoyat kodeksi 285-moddasi 3-qismi) aybi bilan 7 yilga umumiy rejimdagi koloniyaga hukm qilindi. Bu haqda Moskva umumiy yurisdiksiya sudlarining matbuot xizmati xabar berdi.

Undan tashqari, Yarilovaga ikki yil davlat xizmatida ishlash ham taqiqlandi. Sud Madaniyat vazirligining moddiy zararni qoplash to‘g‘risidagi da’vosiga ko‘ra, undan 125 million 829 ming 350 rubl undirgan.

Sobiq vazir o‘rinbosari 2023-yil aprelida hibsga olingan edi. Tergov Yarilovani o‘zi rahbarlik qilgan «Pushkin kartasi» loyihasi doirasida firibgarlikda aybladi. Ayblovga ko‘ra, 2022-yilda vazir o‘rinbosari “Pushkin kartasi” dasturiga “Moskva Siti” majmuasida joylashgan va rasmiy maqomga ega bo‘lmagan xususiy muzqaymoq muzeyini kiritgan. Ayblovga ko‘ra, uning xatti-harakatlari oqibatida federal byudjetga 125 million rubl miqdorida zarar yetgan.

Yarilova o‘z aybini qisman tan oldi, ammo keyinroq sudda ayblovni rad etdi. Bahs chog‘ida prokuror vazir o‘rinbosarini yetti yilga ozodlikdan mahrum qilishni so‘radi.

Ma’lumot uchun, Olga Yarilova 2022-yil sentyabrida to‘rt yillik mehnatidan so‘ng o‘z xohishiga ko‘ra Madaniyat vaziri o‘rinbosari lavozimidan ketgan. U faoliyati davomida Madaniyat vazirligi huzuridagi hududiy siyosat, ta’lim va loyihalarni boshqarish bo‘limi, Kinematografiya va raqamli rivojlanish boshqarmasi, Davlat xizmati va korrupsiyaga qarshi kurashish departamenti, Butunrossiya jamoat va davlat tashkiloti «Rossiya madaniyati jamg‘armasi» faoliyatiga rahbarlik qilgan.