Jinoyat

DXXga yolg‘on xabar bergan shaxs qamaldi

DXXga yolg‘on xabar bergan shaxs qamaldi

U Qo‘qonda novvoychilik bilan shug‘ullanuvchi tanishi va boshqa shaxslarning ekstremistik oqimga a’zo ekani, O‘zbekistonda o‘ta og‘ir jinoyatlarni sodir etishga tayyorgarlik ko‘rayotgani haqida yolg‘on ma’lumot bergan. Sudlanuvchi sudda ushbu yolg‘onni o‘ylab topishidan asosiy maqsadi qarzlaridan qutulish bo‘lganini bildirgan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Marg‘ilon shahar sudida yolg‘on xabar berish bilan bog‘liq jinoyat ishi ko‘rib chiqildi. Sud hukmida keltirilishicha, 1990-yilda Marg‘ilon shahrida tug‘ilgan Nurulloh Mavlonov o‘zining novvoy tanishi va boshqa bir nechta shaxslar ustidan huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yolg‘on xabar bergan.

U 2023-yil 15-dekabr kuni DXX Farg‘ona viloyati boshqarmasiga ariza bilan murojaat qilib, Marg‘ilon shahrida yashovchi fuqarolar B.Ibragimov, A.Mamajonov va boshqa shaxslarning turli xildagi taqiqlangan diniy uyushmalarga a’zoligi, ular odamlarni “jihod” qilish, “shahid” bo‘lish kabi harakatlarga undayotgani hamda O‘zbekiston hududida o‘ta og‘ir jinoyatlarni sodir etishga tayyorgarlik ko‘rayotganini bildirgan.

Sud hukmiga ko‘ra, Nurulloh Mavlonov Jinoyat kodeksining 237-moddasi 2-qismi “g” bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir qilganlikda aybli deb topilgan. Unga 3 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.