Yangiliklar

Oʻzbekiston prezidenti YETTB rahbari bilan uchrashuv oʻtkazdi

Oʻzbekiston prezidenti YETTB rahbari bilan uchrashuv oʻtkazdi

Shavkat Mirziyoyev 1-may kuni, Toshkent xalqaro investitsiya forumi va Xorijiy investorlar kengashining ikkinchi majlisi arafasida Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki prezidenti Odil Reno-Basso boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.

Keyingi yillarda Oʻzbekiston bilan Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki oʻrtasida sheriklikning yuksak darajasiga erishilgani, yaqin va samarali hamkorlik qilinayotgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi.

Bugungi kunda bankning mamlakatimizdagi loyihalari portfeli 4,4 milliard yevrodan oshgan. Ularda xususiy sektor ulushi 70 foizga yaqinlashdi.

Hamkorlik yoʻnalishlari va koʻlamini, eng avvalo, kichik va oʻrta biznes, xotin-qizlar tadbirkorligi, muqobil energetika, raqamli texnologiyalar kabi sohalarda kengaytirish maqsadida Oʻzbekiston va YETTB oʻrtasida yangi Sheriklik strategiyasi qabul qilindi.

Bankning faol koʻmagi va bevosita ishtirokida davlat korxonalarini xususiylashtirishga tayyorlash tadbirlari olib borilmoqda, bank-moliya sohasida yirik bitimlar amalga oshirildi, “yashil” energetika, transport infratuzilmasi, ekologiya, va boshqa ustuvor yoʻnalishlarda meʼyoriy-huquqiy baza takomillashtirilmoqda.

Davlatimiz rahbari suv taʼminoti, energetika, yoʻl infratuzilmasi, “yashil” shaharlarni rivojlantirish borasida yangi loyihalarni tez fursatda tayyorlash va amalga oshirish muhimligini taʼkidladi.

Boʻlajak Xorijiy investorlar kengashi majlisining kun tartibi yuzasidan ham fikr almashildi.