Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahri Mirzo Ulug‘bek tumani sudi notanish qizni urgan shaxsga nisbatan hukm chiqardi.
Qayd etilishicha, 1-fevral kuni Bo‘zbozor ko‘chasida 26 yoshli erkak «jamiyatdagi xulq-atvor qoidalariga, umume’tirof etilgan axloqiy me’yorlarga qo‘pol tarzda beparvolik bilan» munosabatda bo‘lib, oldidan o‘tib ketayotgan 17 yoshli qizga nisbatan qo‘pol va odobsiz harakatlar sodir etgan, qiz qarshilik ko‘rsatgach, uning yuziga urib, voqea joyidan qochib ketgan.
Sud-tibbiy ekspertizasi qizning pastki lab sohasida jarohatlar aniqlagan va ularni yengil jarohatlar sifatida baholagan.
Ayblanuvchi o‘z aybini to‘liq tan oldi va turmushidan ajrashganidan so‘ng «yangi hayot qurishga intilganini» aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘sha kuni u jabrlanuvchi qizni ko‘rgan va «birinchi u bilan tanishib, keyin turmush qurish»ni xohlagan.
Yigitning ta’kidlashicha, u tasodifan qizga yaqinlashib, odobsiz harakatlar sodir etgan. Qiz qarshilik ko‘rsatgan paytda hujum qilgan shaxsning telefoni yerga tushib ketgan, shundan so‘ng ayblanuvchi uning yuziga mushti bilan urgan, qiz esa zarbadan yerga qulagan.
Jabrlanuvchining so‘zlariga ko‘ra, u voqea sodir bo‘lgandan beri juda yomon ruhiy holatda va ko‘chada yolg‘iz yurishdan qo‘rqadi. Uning fikricha, jamiyatda bunday shaxslarning mavjudligi barcha qizlarning hayoti va sog‘lig‘iga xavf tug‘dirishi mumkin. Jabrlanuvchi sudlanuvchini kechirmadi va bu boshqalarga o‘rnak bo‘lishi uchun suddan eng og‘ir jazo tayinlashni so‘radi.
Sud erkakni Jinoyat kodeksining 277-moddasi 2-qismi «d» bandi (Bezorilik, o‘z mazmuniga ko‘ra umume’tirof etgan axloq qoidalarini namoyishkorona mensimaslikda ifodalanuvchi o‘taketgan behayolik) bo‘yicha aybdor deb topib, 2 yil-u 6 oyga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinladi.