AQSH hukumatining milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Jeyk Sallivan Oq uydagi maʼmuriyat G‘azoda Isroil tomonidan genotsidga yo‘l qo‘yilgani dalillarini ko‘rmayotganini maʼlum qildi. Bu haqda AQSH hukumati manbasiga tayanib, Reuters nashri xabar berdi.
Qayd etilishicha, AQSH rasmiysi genotsid bo‘yicha ayblovga o‘zining ochiq munosabatini bildirgan. AQSH Isroilning harakatlarini genotsid sifatida ko‘rmasligini bildirgan.
Sallivanga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar HAMASning mag‘lub bo‘lishini ko‘rishni istaydi. Vashingtondagi hukumat rasmiysi, shuningdek, urush girdobida qolgan falastinliklar o‘ta og‘ir sharoitda yashayotgani va Isroilning Rafahdagi yirik harbiy amaliyoti xato bo‘lganini taʼkidlagan.
“Biz G‘azoda sodir bo‘layotgan voqealar genotsid ekanligiga ishonmaymiz. Biz bu daʼvoni qatʼiy rad etib kelganmiz”, — degan Jeyk Sallivan Oq uyda jurnalistlarga.
Xavfsizlik bo‘yicha maslahatchi isroillik ko‘chmanchilarning G‘azo shimolidagi Erez o‘tish joyi tomon harakatlanayotgan insonparvarlik yordam karvoniga hujum qilgani haqidagi xabarlardan xavotir bildirgan. Bir haftadan kamroq vaqt ichida ikkinchi bor bunday hodisa ro‘y berishi vaziyatni nihoyatda og‘irlashtirishi mumkinligini bildirgan.
Sallivanning aytishicha, AQSH prezidenti Bayden Isroil yetakchisi Binyamin Netanyaxuning urushga yondashuviga taʼsir o‘tkazishga uringan. Biroq mamlakat oliy rasmiylari Isroil suveren, demokratik davlat ekanligini taʼkidlab, pirovardida qarorni uning o‘zi qabul qilishi kerakligini talab qilishmoqda.
“Isroil Bosh vaziri bizga javob berishi shart emas. U Isroil xalqi oldida javob berishi kerak”, — degan Sallivan.
Ta’kidlanishicha, AQSH tinchlik kelishuvini tayyorlamoqda. Biroq, bu kelishuv loyihasi qachon tayyor bo‘lishi maʼlum emas.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!