Fransiya Xalqaro jinoiy sud (XJS) prokurorining Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu va Mudofaa vaziri Yoav Galant hamda HAMASning uch nafar yetakchisini urush jinoyatlari va insoniyatga qarshi jinoyatlar sodir etganlikda ayblab, hibsga olishga order berish haqidagi iltimosini qo‘llab-quvvatladi. Bu haqda Fransiya Tashqi ishlar vazirligi bayonot berdi.
“Fransiya Xalqaro jinoiy sudni, uning mustaqilligini va barcha vaziyatlarda jazosizlikka qarshi kurashni qo‘llab-quvvatlaydi”, deyiladi TIV bayonotida.
Tashqi ishlar vazirligi Fransiya 2023-yil oktyabr oyida HAMAS hujumini rasman qoralaganini eslatdi.
“Isroilga kelsak, sudning dastlabki tergov palatasi bir-birini to‘ldirish tamoyilini va Isroil sudlarining mumkin bo‘lgan harakatlarini inobatga olgan holda prokuror tomonidan uning ayblovlarini qo‘llab-quvvatlash uchun taqdim etgan dalillarni o‘rganib chiqib, ushbu orderlarni berish yoki bermaslik to‘g‘risida qaror qabul qilishi kerak”, deyiladi Fransiya vazirligi bayonotida.
Rasmiy Parij Fransiya nafaqat mojaro zonasida tinchlik o‘rnatish, balki isroilliklar va falastinliklarning azob-uqubatlariga chek qo‘yadigan yechim topish tarafdori ekanini urg‘ulagan.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!