O‘zbekistonga rossiyalik pediatriya va onkolog mutaxassislar tajriba almashish maqsadida yuboriladi.
Toshkent shahar hokimligida Sankt-Peterburg shahri vitse-gubernatori Oleg Ergashev boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda shahar hokimi Shavkat Umurzoqov ikki davlat rahbarlari ochiqlik siyosati natijasida Toshkent shahri bilan Rossiya Federatsiyasi hududlari o‘rtasida keng ko‘lamli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish imkoniyati yaratilgani, bu imkoniyatdan to‘laqonli foydalanish zarurligini taʼkidladi.
Shuningdek, iqtisodiyot, investitsiyalar, biznes, sanoat sohalari bilan bir qatorda ijtimoiy sohalarda ham hamkorlikni, o‘zaro tajriba almashinuvini kengaytirish maqsadga muvofiqligini qayd etdi.
Delegatsiya rahbari istiqbolda ko‘plab yangi loyihalar orqali hamkorlik qilish taklifini bildirdi. Yaqin kunlarda rossiyalik pediatriya, onkologiya sohasi mutaxassislari O‘zbekistonga o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashish uchun yuborilishini maʼlum qildi.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!