Iqtisod, Jamiyat

Ayrim korxonalarning maxsus huquqlari bekor qilinadi

Ayrim korxonalarning maxsus huquqlari bekor qilinadi

Prezident Farmoniga ko’ra, Qonunchilik bilan taqdim etilgan quyidagi maxsus (eksklyuziv) huquqlar bekor qilinadi:

2025-yil 1-yanvardan:

— “O’zmetkombinat” AJning respublika hududida qora metall lomi va chiqindilarini tayyorlash (xarid qilish) huquqi;

— “O’zikkilamchiranglimetall” AJning respublika hududida rangli metall lomi va chiqindilarini tayyorlash va eksport qilish huquqi;

— “O’ztreyd” AJning konsignatsiya shartlarida oziq-ovqat uni va bug’doyni, shuningdek, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari, dehqon va fermer xo’jaliklari mahsulotlarini bank kafolatlari yoki siyosiy va tijorat xavflaridan eksport shartnomalarini sug’urtalash polislarini taqdim etmasdan eksport qilinadigan mahsulotlarni savdo uylari manzillariga tushirish huquqi;

— “O’zkimyoimpeks” MCHJning “O’zkimyosanoat” AJ tashkilotlari kimyoviy mahsulotlari eksporti hamda ularning ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun uskunalar, ehtiyot qismlar, butlovchi buyumlar, xomashyo va materiallar importini amalga oshirishdagi yagona agent huquqi;

2026-yil 1-iyuldan:

— “UzGasTrade” AJning tabiiy gazni yagona eksport qiluvchi va import orqali tashqi manbalardan markazlashgan tartibda xarid qilish bo’yicha yagona operator sifatidagi huquqi;

— “O’zenergosotish” AJning elektr energiyasining eksporti va importini markazlashgan tartibda amalga oshirish huquqi.