Avvalroq, Fatvo markazi kriptovalutalarni o‘zaro ayirboshlash va ular bilan savdo-sotiq qilish shar’an joiz emasligini, chunki kriptovalutalar shariat tomonidan pulga qo‘yilgan talablarga mos emasligini ma’lum qilgan edi.
Bu xabarga nisbatan e’lon qilingan tuzatishda fatvo loyihasi atrofidagi ilmiy-tadqiqot ishlari hali nihoyasiga yetmagani va zamonaviy masalalarni keng qamrovli o‘rganish ishlari olib borilayotgani ta’kidlanadi.
Qayd etilishicha, Fatvo markazi direktori Nuriddin Xoliqnazarov va uning o‘rinbosarlari Haj safarida bo‘lib turibdi, xabar esa texnik sabablarga ko‘ra, ehtiyotsizlik oqibatida ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilingan.
Fatvo markazi uzr so‘ragan holda, ushbu fatvo loyihasi bo‘yicha ilmiy tadqiqotlarni nihoyasiga yetkazib, qayta havola etilishini ma’lum qilgan.