AQSH prezidenti Jo Bayden Meksika bilan chegarani noqonuniy kesib o‘tgan muhojirlarga siyosiy boshpana berishni vaqtincha taqiqlovchi farmonni imzoladi. Bu haqda Oq uy matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, cheklovlar 5-iyundan kuchga kiradi, biroq AQSH-Meksika chegarasida bir hafta ichida noqonuniy qochqinlarning kunlik hibsga olinishi soni 2500 nafardan oshsagina cheklovlar qo‘llaniladi.
Shu bilan birga, agar kunlik hibsga olishlar soni 1500 ga tushsa, AQSHning janubiy chegarasi qayta ochilishi mumkin. Oq uyning ta’kidlashicha, bu choralar AQSHda qolish uchun qonuniy asosga ega bo‘lmagan shaxslarni chiqarib yuborish jarayonini osonlashtirish uchun mo‘ljallangan.
Yangi cheklovlar “Bojxona va chegara qo‘riqlash” mobil ilovasidan foydalangan holda chegarani kesib o‘tgan shaxslarga, shuningdek, tibbiy favqulodda vaziyatlarda odam savdosi qurbonlari va kuzatuvsiz bolalarga nisbatan qo‘llanilmaydi.
AQSHda noqonuniy muhojirlar sonining ortib borayotgani 2024-yil noyabrida bo‘lib o‘tadigan prezidentlik saylovlarida sobiq prezident Donald Tramp va Oq uyning amaldagi rahbari o‘rtasidagi qarama-qarshilikning asosiy nuqtalaridan biri hisoblanadi. Tramp Baydenni “ochiq chegara siyosati” uchun tanqid qilgan va agar davlat rahbari etib saylansa, Amerika tarixidagi eng yirik ichki deportatsiya operatsiyasini boshlashga va’da bergan.
Bayden prezidentligi davrida Meksika bilan chegaradan noqonuniy ravishda mamlakatga kirgan muhojirlar soni rekord darajaga yetgan. 2023-yilda AQSH janubiy chegarasini 2,4 milliondan ortiq odam kesib o‘tgan.
Xususan, 2021-yildan 2023-yilgacha O‘zbekistonning 13 600 nafar fuqarosi Meksika orqali AQSHga noqonuniy kirishga uringan. AQSHga noqonuniy migratsiya bo‘yicha Turkiya yetakchilik qilmoqda — 30 800 nafar Turkiya fuqarosi AQSH chegarasini kesib o‘tmoqchi bo‘lgan. Undan keyingi o‘rinni 15,5 ming kishi bilan Mavritaniya egallagan bo‘lsa, O‘zbekiston bu ro‘yxatda uchinchi o‘rinda turibdi.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!