Rossiya Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Mariya Zaxarova Lugansk va Xerson viloyatiga qilingan raketa hujumlarini qoraladi.
Rossiyaning nazorat ostidagi qismidagi Xerson viloyatining Sadovoe qishlog‘iga uyushtirilgan hujum natijasida 22 kishi halok bo‘ldi. Bu haqda Xerson viloyati gubernatori Vladimir Saldo xabarida aytiladi.
“Golopristanskiy tumanidagi Sadovoye qishlog‘iga dushman jangarilarining vahshiyona hujumi natijasida halok bo‘lganlar soni 22 kishiga yetdi. Shu bilan birga, 15 kishi jarohat oldi, ulardan besh nafarining ahvoli og‘ir”, — deb yozdi Saldo o‘zining Telegram’dagi kanalida.
Uning qayd etishicha, Golopristanskiy munitsipal tumanidagi Sadovoe qishlog‘ining o‘qqa tutilishi natijasida ko‘plab tashrif buyuruvchilar va xodimlar bo‘lgan do‘kon vayron bo‘lgan.
Saldoning ta’kidlashicha, zarba frantsuz havo bombasi va Amerikada ishlab chiqarilgan HIMARS snaryadlari yordamida amalga oshirilgan.
Ayni paytda, «Lugansk xalq respublikasi» rasmiylari Lugansk shahrini o’qqa tutishda olti kishi halok bo’lganini ma’lum qildi. Shahardagi raketa zarbasidan keyin turar-joy binosiga kirish eshigi qulab tushgan. Viloyat hokimiyatining soʻnggi maʼlumotlariga koʻra, 60 kishi jabrlangan, ulardan toʻrt nafari bola.
“Luganskga kechagi raketa hujumi sodir bo’lgan joyda ish tun bo’yi davom etdi. Qutqaruvchilar vayronalar ostidan yana ikki kishining jasadini olib chiqishdi. Soat 8:00 holatiga ko‘ra, tinch shaharni vahshiylarcha o‘qqa tutishi natijasida 60 kishi jabrlangan. Qutqaruv operatsiyasi davom etmoqda”, — deb yozdi mintaqaning “rahbari” Leonid Pasechnik o‘zining Telegram’dagi kanalida.
U avvalroq Luganskning o‘qqa tutilishi natijasida o‘ttiz uchta ko‘p qavatli uy, ikkita maktab, uchta bolalar bog‘chasi va bir kollej zarar ko‘rgani haqida xabar bergan edi.
Avvalroq Rossiya Mudofaa vazirligi Lugansk shahrining turar-joylari AQShda ishlab chiqarilgan beshta ATACMS raketasi bilan “maqsadli” zarba berilgani haqida xabar bergan edi.
“Amerikaning toʻrtta raketasi Rossiyaning havo mudofaa tizimlari tomonidan urib tushirildi. Bitta raketa ikkita turar-joy binosiga tegdi. Natijada, dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, 20 dan ortiq tinch aholi, jumladan, bolalar jarohatlangan”, — deyiladi xabarda.
O‘z navbatida, Rossiya TIV rasmiy vakili Mariya Zaxarova Lugansk va Xerson viloyatiga qilingan raketa hujumlarini qoraladi.
“Butun dunyo hamjamiyati bular oldindan rejalashtirilgan va puxtalik bilan tayyorlangan qoʻrqitish terrorchilik harakatlari ekanini tushunishi kerak. NATOning qo’l yozuvi aniq. Avval aytib o‘tganimizdek, uzoq masofali raketalarning, jumladan, ATACMSning parvoz missiyalari amerikalik, britaniyalik va boshqa g‘arb mutaxassislarining bevosita ishtirokida shakllantirilayotganini yaxshi bilamiz”, — dedi diplomat.
Zaxarovaning ta’kidlashicha, hujumlarda ishtirok etganlar muqarrar, munosib jazoga tortilishiga shubha yo’q.
Ukrainaning Donetsk, Lugansk, Zaporojye va Xerson viloyatlari Rossiya prezidenti Vladimir Putin tomonidan 2022-yil 30-sentabrda imzolangan farmon bilan noqonuniy ravishda anneksiya qilingan edi.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!