Qayd etilishicha, rasmiylar qishloq xo‘jaligi va infratuzilmaga zarar yetkazmasligi uchun chigirtkalarga qarshi kurash choralarini ko‘rmoqda.

Ekologiya vaziri maslahatchisi, jamoatchilik faoli Rasul Kusherbayevning yozishicha, chigirtka bosqini bilan bog‘liq tabiiy ofat bo‘lishi haqida yaqindagi iqlimshunos Erkin Abdulaxatov aytib o‘tgandi.

“Afsuski prognozlar to‘g‘ri chiqmoqda. Agar hukumat va mahalliy hokimiylar olimlar, shu jumladan, iqlimshunoslarni eshitmaslikda davom etsa oldinda kutib turgan bu kabi ofatlar O‘zbekiston uchun katta talofatlar olib kelishi mumkin. Olimlarga quloq tutishni boshlash kerak”, — deydi Kusherbayev.

Toshkent viloyatiga qo‘shni Qozog‘istonning janubiy viloyati Turkistonda ham chigirtkalar to‘dalari haddan tashqari ko‘payib ketgan.

Qozog‘iston hukumati portaliga ko‘ra, mamlakat janubi Turkiston viloyatida qayta ishlangan 260 ming gektardan tashqari yana 50 ming gektardan ortiqroq tarqalish hududlari aniqlangan.

“Biz hech qachon bu yilgidek katta chigirtkalar tarqalgan hududlarga duch kelmaganmiz va ularning tarqalishi mumkin bo‘lgan oqibatlarni e’tiborsiz qoldirdik. Qishloq xo‘jaligi vazirligining Davlat nazorat qo‘mitasiga barcha protsessual masalalarni zudlik bilan yakunlab, barcha zarur texnikalarni zarur bo‘lgan hududlarga jo‘natishni topshiraman”, — degan bosh vazir o‘rinbosari Serik Jumangarin.

O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vazirligi bergan ma’lumotiga ko‘ra, 2024-yilda respublikada zararli chigirtkalarning 574,8 gektar maydonda kimyoviy ishlov o‘tkazilishi prognoz qilingan. Kuzgi va bahorgi kuzatuvlar natijasida hasharot tuxum qo‘ygan areallar ham ko‘zdan kechirilib, favqulodda vaziyat yuzaga kelishini oldini olish maqsadida kurash choralari olib borilmoqda.