Avvalroq, Rosselxoznadzor Boliviya delegatsiyasi Lama go‘shtini Rossiyaga eksport qilishga qiziqish bildirayotgani va ishlab chiqaruvchi haqida maʼlumot berishga tayyorligini bildirgandi.
Mamlakat prezidenti Luis Arse Katakora ham Bolivia TV telekanaliga bergan intervyusida Rossiyaga quritilgan Lama go‘shti va boshqa mahsulotlarni eksport qilish taklif qilinganini tasdiqlagan.
«Boliviya Rossiyaga kofe donalari, konservalangan ananas, banan, quritilgan lama go‘shti, shokolad va boshqa mahsulotlarni yetkazib berishni taklif qildi», – degan Arse jurnalistlarga.
Ekspertlarning fikricha, Rossiya bozorida lama go‘shti savdosining ortishi istiqbolli bo‘lsa-da, ayni paytda uning narxi ham cho‘ntakbop bo‘lishi kerak.
Moskva muftiysi Ildar Alautdinov ham «agar hayvonni so‘yish Islom yoki boshqa Ibrohim dinlari qonunlariga muvofiq amalga oshirilsa, musulmonlarga Lama go‘shtini isteʼmol qilishga ruxsat berilishi»ni maʼlum qildi.
Maʼlumot uchun, Boliviya hukumati fuqarolarni ko‘proq lama go‘shtini isteʼmol qilishga chaqiradi. Sog‘liqni saqlash vazirligi ham mol, qo‘y go‘shtiga muqobil sifatida isteʼmolchilarga taomlarda Markaziy And mintaqasida yashaydigan lama – sut emizuvchilar oilasiga mansub kichik tuyalar go‘shtidan foydalanishni tavsiya qilgan.
Xalqaro miqyosda ham so‘nggi 10 yil ichida lamalar ko‘plab mashhur oshpazlar eʼtiboriga tushib ulgurgan. Bu mazkur mahsulot tarkibida ko‘p miqdorda protein borligi va yog‘lilik darajasi kamligi bilan izohlanmoqda.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!